Harbiy xizmatchi ayollar spartakiadasi boshlandi

0
1288

Bugun, 28-fevral kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida 2023-yilda o‘tkaziladigan sport musobaqalari rejasi va “Xalqaro xotin-qizlar” kuniga bag‘ishlangan ayollar spartakiadasiga start berildi. Ushbu sport musobaqalari Qurolli Kuchlar akademiyasi va Mudofaa vazirligi sport majmualarida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining harbiy xizmatchi ayollari o‘rtasida o‘tkazilmoqda.

Spartakiadada harbiy okruglar, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari, Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi, Oliy harbiy bilim yurtlari, Mudofaa vazirligi Markazi apparatidan jami 12 ta jamoa ishtirok etyapti.

Bellashuvlardagi barcha musobaqalar amaldagi qo‘llanilayotgan sport qoidalariga asosan o‘tkazilmoqda. Jamoa tarkibi jami 14 nafar harbiy xizmatchi ayollardan iborat bo‘lib, ular estafeta, voleybol o‘yini va arqon tortish musobaqalaridan tashqari faqat bir sport turiga qatnashishi mumkin.

Spartakiada davomida ayol harbiy xizmatchilar sportning voleybol, stol tennis, badminton, 50 metr masofaga suzish, darts, armrestling, o‘q otish, arqon tortish, estafeta yugurish musobaqalari doirasida o‘zaro bellashadilar.

Musobaqada sport turlariga ko‘ra o‘rinlar har bir sport turining yakuni bo‘yicha aniqlanadi. Umumjamoa hisobida o‘rinlar musobaqa rejasiga kiritilgan barcha sport turlarining yakuniga ko‘ra egallagan o‘rinlarini yig‘indisining eng kam soni bo‘yicha belgilanadi. Agarda musobaqa yakunida ikki yoki undan orti jamoalar natijasi bir xil bo‘lsa, unda jamoalarning I, II, III o‘rinlarining soniga qarab aniqlanadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti