Motokross: Oʻzbekiston chempionati va birinchiligi oʻtkazildi

0
721

Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Qizilmozor” motosoʻqmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qoʻmondonligi, viloyatdagi kuch tuzulmalar, tuman hokimligi hamkorligida sportning motokross turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va birinchiligining I bosqichi hamda Mehnat qahramoni Norali Boymurodov xotirasiga bagʻishlangan musobaqa boʻlib oʻtdi.

Musobaqada Qozogʻiston va Rossiyadan ham sportchilar ishtirok etdi. Musobaqani barcha viloyatlardan, qolaversa, qoʻshni davlatlardan tashrif buyurgan 10 mingdan ortiq tomoshabinlar kuzatib bordi. Ikki kun davom etgan bellashuvning ilk kunida 18 yoshgacha boʻlgan 35 nafar sportchi yosh mototsikllarda oʻz mahoratini namoyish etdi.

Oʻzbekiston chempionati va birinchiligi musobaqasining ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimiligi, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy va viloyat kengashlari vakillari soʻz olib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sportning barcha turlarini ommalashtirishga qaratilayotgan eʼtibor, jismonan sogʻlom yosh avlodni kamol toptirish, ularning Vatanga muhabbat, ajdodlar jasoratiga hurmat ruhini yuksaltirishga xizmat qilayotganini taʼkidlashdi.

Motosoʻqmoqda boshlangan musobaqalarda 18 yoshdan katta boʻlgan 75 dan ortiq sportchi mototsikllarda oʻz kuchi va texnikalarni boshqarish sanʼatini sinovdan oʻtkazib, tomoshabinlarga oʻzgacha zavq bagʻishladi. Qizgʻin bahslarga boy boʻlgan musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 9 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan yoshlar hamda 18 yoshdan kattalar qatnashdi.

Bayramona oʻtgan bellashuv doirasida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi zamonaviy yangi harbiy texnikalar va qurol-aslahalar koʻrgazmasini tashkil etdi. Viloyat sport va turizm boshqarmasi tomonidan sportning “Stol tennisi”, “Arqon tortish”, “Tosh koʻtarish” hamda “Qoʻl kuchini sinash” turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirildi.

Oʻzbekiston birinchiligi musobaqasida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni Surxondaryo, 2-oʻrinni Toshkent va 3-oʻrinni Navoyi viloyatlari kengashlari terma jamoalari egalladi.

Musobaqada gʻolib boʻlgan jamoa va sportchilarga “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy va viloyat kengashlari hamda boshqa hamkorlarning diplom, faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti