Kichik qishloqdan katta arenagacha bosib oʻtilgan mashaqqatli yoʻl

0
668

Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida tugʻilib voyaga yetgan Diyorani bugun butun dunyo taniydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Dzyudo boʻyicha oʻz vazn toifasidayuksak muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan qahramonimiz 6 yoshidan boshlab sport bilan shugʻullanib keladi. “Sport hayotimning bir boʻlagi”, deydi Diyora. Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi kichik serjant Diyora Keldiyorova professional sportda oʻz oʻrniga ega boʻlib ulgurgan.

Buvimga rahmat aytaman

Birinchi ustozim Xurshida Xalikova boʻladi. Oʻsmirlik chogʻlarimda qarindosh-urugʻlar, qoʻshnilar tomonidan qarshiliklar boʻlgan: qiz bola uchun sport shartmas, turmush va oila qurish birinchi oʻrinda turadi deb gapirishgan. Ammo yonimni olib, xohish-istaklarim bilan qiziqqan inson buvim boʻlgan. Aslida buvim ham yoshligida kurashchi boʻlishni xohlagan ekan. Ammo uning yonini oladigan, unga yoʻl ochib beradigan inson boʻlmaganligi uchun armonga aylangan orzusini menda koʻrishga istardi. Va bu oʻz samarasini berdi. Ammo bizda baribir oʻzbekchilik, qishloqchilik degan mentalitetlarimiz bor, shu sabab yuqorida takidlaganimdek bu borada qiz bolaga toʻsqinliklar boʻlgan. Shunday paytlarda meni qoʻllab-quvvatlagan buvimga rahmat aytaman. Buvimning saʼyi-harakatlari tufayli kichkina qishloqdan jahon arenalariga chiqib bordim.

Faqat va faqat olgʻa

Yigirma yil umrimni sportga bagʻishladim. 2015-yil musobaqada jarohat oldim. Yarim yil reabilitatsiya markazida davolanishga majbur boʻldim. Oʻtgan yarim yillik vaqt, hayotimda juda katta burilish yasay oldi, desam xato boʻlmaydi. Oʻtgan vaqtni sarhisob qilish va kelakjakni rejalashtirish uchun yetarlicha imkon boʻldi. Juda koʻp oʻyladim, xulosam shu boʻldiki, maqsadimdan ogʻishim uchun asos yoʻq. Faqat va faqat olgʻa intilishim kerak. Shundagina biror natijaga erishaman. Sinovlar inson irodasini toblar ekan. Men nafaqat jismoniy chiniqish, balki ruhiy quvvat ham kerakligiga ana oʻsha payt tushinib yetdim. Irodasi mustahkam inson hech qachon yengilmaydi. Magʻlubiyat boʻlishi mumkin. Ammo irodali inson qayta turish uchun oʻzida kuch topa oladi.

Harbiy xizmat va sport

Bugun Oʻzbekiston armiyasining salohiyati va qudrati mustahkam. Buni harbiylarimizning xalqaro armiya oʻyinlarida erishayotgan muvaffaqiyatlaridan ham koʻrish mumkin. Shunday profissionallar bilan bir safda boʻlish esa insonga sharaf bagʻishlash bilan bir qatorda, juda katta masʼulyat ham yuklaydi. Harbiy sportchi boʻlib faoliyat boshlaganimga bir yil vaqt boʻlgan boʻlsa-da, bunday katta ishonchga loyiq koʻrilganimdan faxrlanaman. Lekin toʻgʻrisini aytaman, men hech qachon harbiy libos kiyishni xayolimga ham keltirmagan edim. Birinchi navbatda qiz bola boʻlganligim uchun harbiy sportchi boʻlish mumkinligini oʻylab ham koʻrmagan edim. Ammo hayot tuhfalari kutilmaganda kelar ekan. Bunday sharafli kasbda xizmat qilayotganligimdan yaqinlarim, qarindoshlarimning barchasi birdek xursand.

Magʻlubiyatdan motivatsiya olaman

Menga musobaqalarda yutqazib qoʻyganimning alami koʻproq motivatsiya beradi. Yaqinda Toshkentda boʻlgan Jahon chempionatida raqibimga yutqazib qoʻydim. Keyin Boku va Abu Dabi shaharlarida boʻlib oʻtgan katta dubulgʻa turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqada birinchi va ikkinchi oʻrinlarni qoʻlgan kiritdim. Buning tag zamirada esa Vatanimda boʻlib oʻtgan musobaqada magʻlub boʻlganimning alami bor edi. Va men alamimdan chiqdim. Dzyudo sport turida Olimpiada yoʻllanmasi uchun reyting ballari yigʻilib boriladi. Shuning uchun 2024-yilgi olimpiada ishtirokchisiga aylanish uchun ham yutqazishga haqqim yoʻq. Umumiy yigʻilgan reyting ballari kuchli oʻn oltilikka kirgan sportchilargina nufuzli musobaqa yoʻllanmasini qoʻlgan kiritadi. Agar ballarni muddatidan oldin yigʻib qoʻysam, bemalol tayyorgarlik koʻrish va boshqa musobaqalarga qatnashib turish imkoni yaratiladi.

Men uddalayman

Sportdan ketish yoki uni maʼlum muddatga tark etish haqida oʻylab koʻrmaganman. Toʻgʻri, ogʻir davrlar boʻladi. Oʻsha davrni oilam davrasida oʻtkazaman. Ota-onamning mehrini his qilaman. Ozroq chalgʻiyman. Va qarabsizki, yana sportga shungʻiyman. Toshkentda boʻlib oʻtgan Jahon chempionatidagi magʻlubiyatimdan keyin bir hafta oʻtib, Abu Dabiga uchib ketdik. U yerda katta dubulgʻa turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqa boʻlishi kerak edi. Unda ishtirokim ikkinchi oʻrin bilan yakunlandi. Yana bir hafta oʻtib Bokuga uchib ketish kerak boʻlgan paytda rad etdim. Chunki juda charchagandim. Mening xohish-istaklarim inobatga olinmadi. Sportda ruhiy tayyorgarlik juda muhim. Menda esa istak oʻlib boʻlgandi. Men bilan psixolog va murabbiylarim muntazam ish olib borishdi. Natijada oʻzim xohlamagan va istamagan musobaqa chempioni boʻldim. Aytmoqchimanki, sportchining ruhiyati bilan ishlashni biladigan psixolog va murabbbiy boʻlsa, barchasini uddalash mumkin ekan. Shundan keyin oʻzimga boʻlgan ishonchim yanada ortdi. Shu kundan boshlab oʻzimga shior qilib oldim – “men uddalayman!”.

Taktika juda muhim

Yirik musobaqalardan oldin qurʼa tashlash marosimi boʻladi. Qaysi davlat vakili bilan tatamiga tushishim musobaqadan bir kun oldin maʼlum boʻladi. Lekin menga buni umuman qizigʻi yoʻq. Aniqrogʻi qiziqmayman, chunki murabbiylarim oʻsha sportchi haqida maʼlumot yigʻib, musobaqaga chiqishimdan oldin menga aytishadi. Maʼlumot deganda nimani nazarda tutayapman, har bir sportchining koʻp qoʻllaydigan “pryom”i boʻladi. Oʻsha “pryom”lardan ehtiyot boʻlishim haqida ogohlantirishadi. Murabbiylarimning qoʻllaydigan taktikalari asosida koʻpgina xalqaro musobaqalarning gʻolib va sovrindori boʻlib kelyapman. Shuning uchun aytamanki, sportda taktika juda muhim. Aslida sport, ayniqsa, yakkakurash yoʻnalishida soniyaning oʻndan bir ulishida masala hal boʻlishi mumkin. Oʻsha lahzadan kim oqilona foydalana olsa, gʻoliblik oʻshanga nasib etadi. Buni qisqa qilib “omad” ham deb atashadi. Sportda kuchli va kuchsiz degan tushunchalar bor. Ammo, raqibga hech qachon past nazar bilan qarab boʻlmaydi. Boya aytganimdek, soniyaning oʻndan bir ulishida masalani oʻz foydasiga hal qilib ketgan kuchsiz sportchilarni koʻrganman. Shuning uchun sportda doimiy sergaklik, hushyorlik va taktika juda muhim.

Tanqidlardan kuch olaman

Katta sportda boʻlish bu doim elning nazaridasiz degani. Shuning uchun xato qilmaslikka harakat qilaman. Ammo, gʻoliblik bor ekan, magʻlubiyatlar ham boʻlishi tabiiy. Magʻlubiyatlar sportchiga tajriba beradi. Magʻlubiyatlarsiz sportchi tajribasiz sportchi degan boʻlardim. Men ham insonman, menda ham yurak bor. Stress, depressiyaga tushishim mumkin. Hayajonlanishim, hayratlanishim mumkin. Qolaversa, men ham xato qilaman. Afsuski, mening bir, yoki ikki xatolarimni koʻrib xulosa qiladiganlar ham bor ekan. Ayniqsa, Toshkentda boʻlib oʻtgan jahon chempionatidagi magʻlubiyatimda koʻp holatlarning guvohi boʻldim. Qancha tanqidlar, sportdan ketishimni istaganlar boʻldi. Ularga aytardimki, xolis baho berish uchun tanganing ikkinchi tarafini ham koʻrishsin. Toʻgʻri, muxlislar va vatandoshlar uchun natija muhim. Ammo nooʻrin tanqidlardan koʻngil ranjiydi. Shu bilan birga tanqidlardan kuch olaman. Oʻzimga boʻlgan ishonchim ortadi. Va men barchasini bundan ham yaxshilashga harakat qilaman.

Bir kun bir oyga teng

Sportchining kun tartibi juda tigʻiz. Bir yillik kalendar ish rejasi bilan ishlaymiz. Asosiy vaqtimiz mashgʻulotlar bilan oʻtadi. Aksariyat kunlarimni xorijda oʻtkazaman. Xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlarining aksariyati oʻsha davlatning oʻzida boʻlib oʻtadi. Iqlimiga moslashish, taomlari, havoning namligi, dengiz sathidan qanchalik balandligi kabi omillar natija uchun kurashishda muhim omil sanaladi. Agar biz bir kun mashgʻulotlarni qoldiradigan boʻlsak, bir oy orqaga qarab ketamiz. Shuning uchun ham hech qachon “progul” qilishga haqqimiz yoʻq. Chet davlatlarda yurgan kezlarim Vatanim taomlarini qumsayman. Biror davlatning ovqatlari biznikichalik mazali emas. Oʻzim ovqat pishirishga imkonim boʻlmasa-da, mazali ovqatlarga baho bera olaman (kuladi). Bir yil mobaynida bir haftaga ota-onam bilan koʻrishib, bagʻrida mazza qilib dam olib kelishimga imkon boʻladi xolos. Oʻshanda onam pishirgan taomlardan dilim yayrab, tanovvul qilib kelaman. Parhezni ham unutaman. Yakkakurash bahslarida tatamiga chiqadigan sportchilarni bir narsa doim qiynaydi. Vaznni maromida ushlab yurish. Buning uchun toʻgʻri ovqatlanish ratsioniga rioya qilish kerak. Hozirga qadar 52 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida raqiblarim qarshisidaman. Yurtimning mazali taomlaridan bahra olmasdan, shu vaznni ushlab yurish osonmi?! (kuladi).

Rejalar…

Sportchi sifatida Olimpiada chempioni boʻlish, ayol sifatida oila qurib, fayzli xonadonning bekasi va shirin-shakar farzandlarning onasi boʻlish. Harbiy xizmatchi sifatida milliy armimiz shonini yanada koʻtarish, xalqaro armiya oʻyinlarida Vatanim bayrogʻini balandlarda hilpirashiga oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman. Bularning har biri amalga oshishi uchun bor kuch-gʻayratimni ayamayman. Menga umid bergan shunday tinch zaminda ulgʻayib kamol topayotganimdan faxrlanaman, gʻururlanaman. Men erishgan va erishayotgan yutuqlarim, qishloq qizlariga ham motivatsiya boʻladi. Men sabab ular ham amaliy harakatlarni boshlashgan boʻlsa, oʻylagan niyatlarim va tinimsiz harakatlarim zoye ketmagan deb bilaman.

Natijalari:

  • Dzyudo boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi;
  • Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi;
  • 2021-yil “Kelajak bunyodkori” medali sohibi;
  • 2013-yil yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari sovrindori;
  • 2016 va 2019-yillarda Osiyo chempionati sovrindori;
  • 2018-yil Osiyo oʻyinlari ishtirokchisi (Jakarta);
  • 2019-yil Osiyo chempionati gʻolibi (Al-Fudjeyra);
  • 2019-yil 7-Umumjahon armiya oʻyinlari sovrindori – 3- oʻrin;
  • 2021-yil Antaliya “Katta dubulgʻa” turniri gʻolibi;
  • 2021-yil Osiyo chempionati sovrindori (Bishkek);
  • 2021-yil Jahon chempionati sovrindori (Budapesht);
  • 2021-yil Tokio Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi – 8- oʻrin;
  • 2022-yil Antaliya “Katta dubulgʻa” turniri sovrindori – 2- oʻrin;
  • 2022-yil Moʻgʻiliston (Ulan-Bator) “Katta dubulgʻa” turniri gʻolibi;
  • 2022-yil Osiyo chempionati gʻolibi Qozogʻiston (Nursulton);
  • 2022-yil Abu Dabi “Katta dubulgʻa” turniri sovrindori – 2- oʻrin;
  • 2022-yil Ozarbayjon (Boku) “Katta dubulgʻa” turniri gʻolibi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti