“Do‘stlik—2023”: oʻzbekistonlik harbiylar hindistonlik hamkasblari bilan oʻzaro tajriba almashmoqda

0
1150

Hindistonning Uttarakxand shtatidagi togʻli hududida joylashgan Pitxoragarx shahri yaqinidagi Badlani qishlogʻida joylashgan 438-motooʻqchilar polki hududida 14-Garhwal Rifles batalyoni harbiy xizmatchilari oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar bilan birgaligda toʻrtinchi bor oʻtkazilayotgan “Doʻstlik-2023” birgalikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlarida bilim va tajribalari bilan oʻrtoqlashmoqda.

Dastlabki mashgʻulotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hindistonlik hamkasblariga ona diyorimizning goʻzal va betakror tarixiy obidalari, xalqimiz madaniyati, sanʼati, yurtimiz salohiyati hamda Qurolli Kuchlarimiz qudrati haqida media mahsulotlari orqali namoyish etishdi.

Keyingi oʻquv mashgʻulotida togʻ yonbagʻrida joylashgan mashgʻulot joyida hind harbiy xizmatchilar turli hududlarda mexanik va boshqariladigan qoʻlbola portlatuvchi hamda signal beruvchi vositalarni oʻrnatishning oʻziga xos tomonlarini amalda koʻrsatib berdi. Mashgʻulotda turli imitatsion vositalar qoʻllanilgani hamda har xil usullardan foydalanilgani bois, judayam qiziqarli va sermaxsul kechdi.

Navbatdagi oʻquv joyida maxsus toʻsiqli yoʻlakdan oʻtish tartibi oʻrgatildi. Taʼkidlash joizki, shu kabi koʻplab turlarga ega boʻlgan toʻsiqli yoʻlaklar Oʻzbekistonning barcha harbiy poligonlari, harbiy qism va taʼlim muassasalarida bunyod etilgani bois, oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar uchun bunday toʻsiqlar yangilik boʻlib xizmat qilmadi. Aksincha, koʻrgazmali tarzda ushbu toʻsiqli yoʻlakdan oʻtishni koʻrsatishga shaylangan hindistonlik harbiy xizmatchilarga oʻzbekistonlik harbiylar ham qoʻshilib, birgalikda murakkab yoʻlakdan oʻtish amallarini bajarib koʻrishdi.

Togʻli hududlarda oʻtuvchanlik qiyin boʻlgan joylardan oʻtish, yuk va harbiy anjom-aslahalarni olib oʻtish hamda qoyalarga chiqib-tushish mashgʻuloti davomida hindistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan mavjud boʻlgan alpinistik qoya va “Oʻrgimchak toʻri” deya nomlangan hamda turli usullarda tepalikka chiqib tushishni mashq qilishga moʻljallangan oʻquv nuqtasida koʻrgazmali mashgʻulot tashkil etildi.

Keyingi oʻquv joyida togʻli hududdagi oʻrmonzorda juftlikda harakatlanib bajariladigan jangovar tayyorgarlik mashgʻuloti namoyish etildi.

Podpolkovnik Timur Narziyev, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi. Uttarakxand shtati, Hindiston