“Zulfiyaxonim ijodida tinchlik!” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi

0
662

Koʻkrak suti va mehnat bilan,

Biz jahonga berganmiz turmush.

Ona qalbi oyoqqa tursa,

Oʻgʻlim sira boʻlmaydi urush!

Millatning suyukli qizi, dunyo tanigan hassos shoira, davlat arbobi Zulfiyaxonim tavalludini har yili bahorning ilk kunida qarshi olamiz. Ayni kunlarda ham qalam ahlining ulugʻ ustozi Zulfiya Isroilova tavalludining 108 yilligi yurtimiz boʻylab keng nishonlanmoqda. Davralarda sadoqat va matonat ramzi boʻlgan shoira sheʼrlari tildan-tilga oʻtib jaranglamoqda. Mana shunday tadbirlardan biri Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 3-umumtaʼlim maktabida ham boʻlib oʻtdi.

“Zulfiyaxonim ijodida tinchlik!” deya nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda shoiraning shogirdi, taniqli shoira Zulfiya Moʻminova ishtirok etdi. Shoiraning Zulfiyaxonim bilan bogʻliq xotiralari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Oʻquvchilar tomonidan jaranglagan Zulfiyaxonim sheʼrlari esa dillarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi. Maktabning “Favvora” – qizaloqlar hamda “Gʻuncha” nomli oʻgʻil bolalar raqs dastalari tomonidan ijro etilgan milliy raqslar tadbirga oʻzgacha zavq bagʻishladi.

Maktab sahnasiga Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tasarrufidagi harbiy qism posbonlari chiqib kelganida zalni gulduros qarsaklar egalladi. Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan sahna koʻrinishida ustoz shoiraning “Buyuk Vatan”, “Mening Vatanim”, “Qoʻlimda qurolu ustimda shinel”, “Mening mehribon onaginam”, “Oʻgʻlim sira boʻlmaydi urush!” nomli sheʼrlari yangradi:

Siz jangda botirsiz, sizning yurakda,

Keksa bobolarning oʻlmas nomi bor.

Muqaddas intiqom, yoshlik gʻururi,

Tanda yigitlarning joʻshqin qoni bor…

…Urush! Noming oʻchsin jahonda,

Hamon bitmas sen solgan alam.

Sen tufayli koʻp xonadonda,

Ota nomli buyuk shodlik kam…

Shuningdek, tadbir davomida faol oʻquvchilarga harbiy xizmatchilar tomonidan vatanparvarlik ruhidagi kitoblar taqdim etildi.

Tadbir soʻngida soʻz olgan 3-umumtaʼlim maktabi direktori Nigora Djabbarova Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga maktab maʼmuriyati va oʻquvchilar nomidan minnatdorchilik izhor etdi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti