Harbiy attashelar Mudofaa vazirligi Togʻ tayyorgarligi oʻquv mashqlar markazida

0
2340

Maʼlumki, mamlakatimizda oʻttizga yaqin xorijiy davlatlar elchixonalarining harbiy attashelari akkreditatsiyadan oʻtgan va ular Mudofaa vazirligi bilan oʻzaro hamkorlik qilib keladi. Hamkorlik rejasida xorijiy davlatlar elchixonalari harbiy attashelarini milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish, oʻzaro doʻstona qoʻshma mashgʻulotlar tashkillashtirish, harbiy taʼlim sohasida tajriba almashish va boshqa yoʻnalishlarda aloqalarni mustahkamlash kabi jihatlar muhim oʻrin olgan.

Germaniya, Xitoy, Koreya, Belarus, Rossiya, Qozogʻiston davlatlarining mamlakatimizdagi elchixonalari harbiy attashelari Mudofaa vazirligi Togʻ tayyorgarligi oʻquv mashqlar markazi faoliyati bilan tanishtirildi. Markaz bilan tanishuv jarayoni erta tongdan boshlanib, deyarli kechgacha davom etdi. Chunki bu yerda harbiy xizmatchilarning kasbiy mahoratini oshirishi uchun yaratilgan oʻquv nuqtalari, yotoqxona hamda oʻquv sinflaridagi shart-sharoitlar, changʻi uchish trassasi, oʻndan ortiq qoyaga chiqish, vertolyotdan tushish trenajyorlarini mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Oʻquv nuqtalari va trenajyorlarda harbiy xizmatchilar tomonidan bajarilgan mashqlarni diqqat bilan kuzatgan xorijiy davlatlar harbiy attashelari ularning har bir harakatidan hayratlangani yaqqol koʻrinib turdi.

Changʻi uchish trassasida harbiy xizmatchilar bilan yonma-yon shugʻullanayotgan bolakaylar esa xorijlik mehmonlarni yanada qiziqtirib qoʻydi. Ularga hamrohlik qilgan masʼul ofitserlari markazda nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning farzandlari, mahalliy yoshlar, hatto poytaxtda faoliyat koʻrsatayotgan toʻgarak tarbiyalanuvchilari ham bemalol shugʻullanishi mumkinligini, bu orqali ularni yoshlikdan Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab, Oʻzbekiston sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya etadigan boʻlgʻusi chempionlar yetishib chiqishiga Mudofaa vazirligi tomonidan keng imkoniyatlar yaratilayotganini aytib oʻtishdi. Shundan soʻng harbiy attashelar bir muddat changʻi uchayotgan oʻgʻil-qizlarning mahoratidan bahramand boʻlishdi. Germaniyalik Frank Vayze harbiy akalari bilan eng yuqori nuqtadan changʻi sportining katta slalom yoʻnalishi boʻyicha tajribasini oshirayotgan chirchiqlik 5-sinf oʻquvchisi Liana Qudratova jasoratiga tan bergan holda, bu qizaloq kelgusida jahon sportining yulduzlaridan biri boʻladi, deya uni olqishlab qoʻydi.

Tadbir yakunida attashelar va ofitserlarimiz oʻrtasida kamondan va pnevmatik miltiqdan otish musobaqasi tashkillashtirildi. Kamondan otish bahsida markaz boshligʻi mayor Farrux Toshev merganligi mezbonlarning gʻalabasini taʼminlagan boʻlsa, pnevmatik quroldan otish musobaqasida durang natija qayd etildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti