Fargʻona “Temurbeklar maktabi”da ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi

0
882

Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi binosida oʻquvchilarni kasbiy faoliyatga yoʻnaltirishning pedogogik imkoniyatlari mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari masʼul ofitserlari, hamkorlikdagi tuzilma xodimlari, respublikamizdagi barcha “Temurbeklar maktablari”, Fargʻona viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari mutasaddilari vakillari, oliy toifali psixologlar ishtirok etdi.

Anjumanda “Temurbeklar maktabi” tarbiyalanuvchilarini yuksak intellektual salohiyatga ega, zamonaviy fikrlash va keng dunyoqarashli, davlat manfaatlarini fidokorona himoya qiluvchi, vatanparvar qilib tarbiyalashda pedogogik va psixologik omillar muhokama qilindi.

Aytish joizki, mazkur harbiy akademik litseylarga oʻqishga kirishda ham bir qator psixologik va jismoniy koʻriklardan o‘tgan eng sara nomzodlar qabul qilinadi. Taʼlim jarayonlarida oliy taʼlim muassasalarining malakali professorlari dars berib, tajribalari bilan boʻlishadi. Ushbu taʼlim dargohida harbiy mutaxassisliklar boʻyicha yoshlarga chuqurlashtirilgan darslar tashkil etilishi anjuman davomida qayd etildi.

Shuningdek, tadbir davomida oʻquvchilar psixologiyasi bilan oliy toifali psixologlar shugʻullanishi lozimligi ta’kidlandi. 

Qurolli Kuchlar tasarrufidagi “Temurbeklar maktablari” mutasaddilari ham dars jarayonlarini sifatli tashkil etish va oʻquvchilarni harbiy kasbiy faoliyatga yoʻnaltirish boʻyicha taklif va mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati