Chin so‘z ortida

0
524

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Vatanparvar” gazetasi muxbiri Inobat Ibrohimovaning “Chinni”, “Quyosh qoʻshigʻi” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzining hayotiy, taʼsirli, voqealarga boy, ibratli hikoyalari bilan tanilgan adibaning tantanali taqdimotida adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qoʻshinlarida xizmat qilayotgan kitobxon harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Taniqli yozuvchilar Luqmon Boʻrixon, Shahodat Isaxonova, Qulmon Ochilovning adiba ijodiga bagʻishlangan samimiy maʼruza va tahlillari Inobat Ibrohimovaning ijodiy olamini yigʻilganlar koʻz oʻngida yana bir bor gavdalantirdi. Adiba bilan oʻn yillab birga ishlagan, xizmat safarlarida boʻlgan hamkasblarining eʼtirofi, taassurotlari tadbir ishtirokchilarini yozuvchi shaxsiyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Inobat opa Ibrohimovani taniganimdan buyon beqiyos hikoyalarining shaydosiman. Ulardan yana ham koʻproq oʻquvchilar, yoshlar, kerak boʻlsa butun jahon bahramand boʻlishini xohlayman. Ana shunday haqli istak yoʻlida adibaning ijodini boshqa tillarga ham tarjima qilib, xorijiy davlatlarda nashr etish ishlarini ham jadal olib borayapmiz, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul xodimi, shoira Nargiza Asadova.

Taqdimot iliq fikr-mulohaza va eʼtiroflarga boy boʻldi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti