Sayyor qabul: murojaatlarga ijobiy yechim topish mexanizmi

0
1328

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, harbiy pensionerlarning huquqlari va erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirilishiga yordam koʻrsatish maqsadida “Qonun ustuvorligi hamda inson manfaatlariini taʼminlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” shiori ostida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.

 

Qabulda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondoni, Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosari, Respublika harbiy prokuraturasi, DXX Chegara qoʻshinlari, IIV Qorovul qoʻshinlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq qabulxonasi rahbariyati va boshqa mutasaddi idoralar masʼul mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtash, ish bilan taʼminlash, uy-joy, ijtimoiy himoya va boshqa masalalarga doir savollari tinglandi.

Ommaviy qabulda jami 160 ga yaqin murojaat roʻyxatga olinib, ulardan 61 tasi shu joyning oʻzida ijobiy qanoatlantirildi, 38 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, qolganlarning ijrosi nazoratga olingan holda tegishli mutasaddi idoralarga yuborilishi taʼminlandi.

Shu kuni, qabul ishtirokchilari Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan koʻchma mobil davlat xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Sayyor qabul davomida oʻzbek, qoraqalpoq va jahon adabiyotining eng sara asarlaridan iborat kitoblar yarmarkasi kitobga oshno harbiylarning oilalarini oʻziga chorladi.

Taʼkidlash joizki, “Inson qadri uchun” tamoyiliga rioya etilgan holda, xalq bilan ochiq muloqot qilish, aholining talab va takliflarini oʻrganib, muammolariga yechim topish davlat organlarining muhim vazifasiga aylandi. Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, harbiy pensionerlarning ijtimoiy himoyasi yoʻlida olib borilayotgan bu kabi islohotlar negizida ham hukumatimizning Vatan himoyachilariga boʻlgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrliklari mujassam.

Shuningdek, mudofaa vazirining o‘rinbosari shu kuning o‘zida “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini ishtirokchilari bilan yaqindan suhbat qurdi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi hamda okrug qo‘mondonligi tomonidan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi vakillari nogironligi bo‘lgan farzand tarbiyalayotgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va harbiy pensionerlar oilalariga nogironlik aravachalari hamda boshqa kerakli anjomlarni topshirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting