Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun sayyor qabul tashkil etildi

0
1592

Toshkent shahar Yashnobod tumani “Ahmad Yassaviy” mahallasida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, harbiy pensionerlar va boshqa fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Qabulda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, bosh prokuror oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Botir Kudratxodjayev hamda Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX Chegara qoʻshinlari, IIV Qorovul qoʻshinlari va boshqa mutasaddi idoralar mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtash, ish bilan taʼminlash, uy-joy, ijtimoiy himoya va boshqa masalalarga doir savollari tinglandi.

Ommaviy qabulda 42 ta murojaat roʻyxatga olindi, ulardan 8 tasi shu joyning oʻzida ijobiy qanoatlantirildi, 4 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, qolganlarining ijrosi nazoratga olingan holda tegishli mutasaddi idoralarga yuborilishi taʼminlandi.

Mas’ullar murojaatchilarning savollariga javob berishar ekan, Vatan himoyasida turgan oʻgʻlonlar va ularning oila aʼzolari muammolariga hamisha eʼtibor qaratilishi va qonuniy yechim topishini, Vatan xizmatiga intilayotgan yigitlarning harakatlari qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidladilar.

Joylarda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, keng jamoatchilik bilan sayyor qabullar davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti