Tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar tahlili

0
1539

Termiz garnizonidagi harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari ofitserlarining uch kunlik oʻquv-uslubiy yigʻini oʻtkazildi.

Dastlab yigʻin ishtirokchilari Termiz shahridagi Muhammad Hakim at-Termiziy majmuasi hamda Surxondaryo viloyati arxeologiya muzeyida hududning muqaddas qadamjolari, etnik va tarixiy xususiyatlariga doir nodir maʼlumotlar, noyob eksponatlar bilan tanishdilar.

Ekskursiyadan soʻng yigʻinning asosiy tadbirlariga kirishildi. Harbiy qism madaniyat markazida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev 2022-yilda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida amalga oshirilgan tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha chora-tadbirlarning tanqidiy tahlili toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Erishilgan yutuqlar, mavjud muammolarning yechimlari xususida toʻxtaldi. Oʻtgan yilda vazirlik qoʻshinlarida harbiylar va yoshlarni maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga hurmat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari yangi sifat bosqichiga koʻtarilgani qayd etildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2022-yil 8-sentabrdagi “Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, “Yuksak jangovar ruh – askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir!” degan konseptual gʻoya asosida Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va ogʻir sharoitlarda yashovchanligini, kuchli jismoniy va psixologik bosimlarga bardoshliligini hamda yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash boʻyicha yangi tizim yaratildi. Olib borilgan tizimli ishlar natijasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish boʻyicha respublika miqyosida oʻtkazilgan “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida ikki yildan beri faxrli 1- va 2-oʻrinlar qoʻlga kiritilgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, ijobiy eʼtiroflarga berilmasdan, asosiy diqqat-eʼtiborni huquqbuzarliklarga qarshi kurash, harbiy intizomni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Harbiy xizmatchilarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini yuzaki va rasmiyatchilik uchun oʻtkazmaslik yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.

Vazir oʻrinbosari yigʻin ishtirokchilarini 2023-yilda soha yoʻnalishida belgilangan istiqbolli rejalar bilan tanishtirdi. Jumladan, tarmoq jadvali asosida haftaning payshanba kunlari “Armiya prokurori kuni”ni oʻtkazish orqali Vatan posbonlarining huquqiy savodxonligini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz safini muddatli harbiy xizmatchilar bilan butlash tadbirlari doirasida hududiy mudofaa ishlari boshqarmalari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Jinoyatdan xoli mudofaa ishlari boʻlimi”ni yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Yigʻinning yalpi majlisida harbiy okrug va birlashmalar qoʻshinlari qoʻmondonlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari soʻz olib, oʻz maʼruza va taqdimotlarida qoʻshinlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati, sohani rivojlantirish boʻyicha takliflarini bildirdi.

– Bugungi maʼruzamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk sarkarda bobolarimizning sahnalashtirilgan qiyofasini yaratish boʻyicha tanlov tashkil etish taklifini ilgari surdim, – deydi polkovnik Tolibjon Mirzayev. – Bu bellashuv orqali Vatan himoyachilarining ulugʻ ajdodlarimiz jasorati, matonati va faoliyatini yanada chuqurroq oʻrganish, shu orqali madaniy-maʼrifiy tadbirlarning sifat jihatidan boyishiga erishamiz.

Deputatlar takliflarni oʻrgandi

Uslubiy yigʻinning ikkinchi kunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Salihov Qonunchilik palatasi yalpi majlisi muhokamasida tayyorlangan qonun loyihalari, Prezidentning sohaviy qarorlari va qoʻmitaning nazorat-tahlil faoliyati haqida maʼlumot berdi.

Kunning ikkinchi yarmida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Erkin Salihov, Tavakkal Choriyev, Hazratqul Xoʻjamqulov “Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda vazirlik qoʻshinlarida maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy-ruhiy tayyorgarlik, harbiy xizmatchilar va oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar, sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar oʻrganildi.

Mutaxassislar malakasi oshirildi

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash tizimining samaradorligi salmoqli ahamiyatga ega. Hukumat qarori bilan mazkur tizimdagi yetakchi mutaxassislarga har oylik lavozim maoshi miqdorining 100 foizigacha ustama toʻlanishi yoʻlga qoʻyilgan.

Harbiy okrug (birlashma) qoʻshinlari qoʻmondonlarining, harbiy qism komandirlarining, mudofaa ishlari boshqarmalari va oliy harbiy taʼlim muassasalari boshliqlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, harbiy psixologlar, garnizonlar maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshliqlari, tegishli kafedra boshliqlari qatnashgan oʻquv-uslubiy yigʻinda xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislarning amaliy koʻnikma va kasbiy malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Vazir oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash holati va mavjud muammolarning yechimlari xususida atroflicha koʻrsatmalar berdi.

Mutaxassislardan dolzarb maʼruzalar

Yigʻinda hamkor tashkilotlar vakillarining bir-biridan dolzarb maʼruzalari tinglandi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutaxassisi tomonidan “Oilada ajrimlarning oldini olish usullari”, Termiz harbiy prokuraturasi masʼul ofitseri tomonidan “Harbiy qism va muassasalarda shaxsiy tarkib bilan harbiy intizom va huquqiy tartibotni mustahkamlashga qaratilgan ishlarni tashkillashtirish” mavzusidagi chiqishlari shular jumlasidan. Termiz davlat universiteti Psixologiya kafedrasi oʻqituvchisining “Suitsidal holatlar sodir etilishida oiladagi ijtimoiy muhitning ahamiyati” mavzusidagi interfaol treningi yigʻin ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi adliya podpolkovnigi Nigʻmat Yoʻldoshevning taʼkidlashicha, qoʻshinlarda korrupsiogen yoʻnalishdagi jinoyatlarning oldini olishda axloqiy ruhiy taʼminot hamda tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi mutaxassislarining alohida oʻrni bor. Tadbirda Yoʻldoshev korrupsion jinoyatlar tahlili va kelgusida ularning oldini olish chora-tadbirlari boʻyicha huquqiy maslahatlar berdi.

Surxondaryolik oʻquvchilarga nishon va ishonch

“Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini samarali tashkillashtirishda harbiy okrug, harbiy qismdagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organining roli”. Polkovnik Bahrom Zulfiqorov shu mavzudagi maʼruzasida yigʻin ishtirokchilari eʼtiboriga rejali tadbirlar va uzviy hamkorlik istiqbollariga alohida urgʻu berdi.

Uslubiy yigʻin doirasida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining surxondaryolik aʼzolariga koʻkrak nishoni va guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi. Alpomish haykali poyida viloyat markazi va tumanlarida joylashgan 6 ta maktabdan 6 nafar harakat rahbari va 120 nafar aʼzosi taqdirlash marosimida jam boʻldi. Unda Mudofaa vazirligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, Termiz harbiy prokuraturasi, viloyat hamda tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar nishon egalarini samimiy tabriklab, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarga javoban, oʻquvchilar chuqur bilim egallab, Vatanga tayanch boʻlishiga ishonch bildirdi. Koʻzlarida shijoat yongan ertamiz egalari koʻkrak nishonlarini qabul qilib olar ekan, Oʻzbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga tantanali ravishda vaʼda berdi. Tadbir Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat boshqarmasining sport texnikalari koʻrgazmasiga ulanib ketdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan qoʻl jangi hamda faxriy qorovul shaxsiy tarkibining sahnaviy chiqishlari, madaniyat markazi xonandalarining Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Poligonning uch nuqtasida

Yigʻinning oxirgi, uchinchi kuniga “Termiz” umumqoʻshin dala-oʻquv maydoni mezbonlik qildi. Bu yerda batalyon taktik guruhi shaxsiy tarkibi bilan jangovar tayyorgarlik boʻyicha amaliy mashgʻulot davomida ruhiy tayyorgarlikni tashkillashtirish jarayoni namoyish etildi. Keyingi oʻquv nuqtasida harbiy xizmatchilar ruhiy barqarorlikni shakllantirish yoʻlagidagi toʻsiqlarni yengib oʻtdi.

Uchinchi oʻquv nuqtasida dala sharoitidagi ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonasini jihozlash holati va anjomlari namunaviy tarzda koʻrsatildi. Harbiy psixologlar tomonidan harbiy jamoalarni jipslashtirishga qaratilgan treninglar yigʻin ishtirokchilari uchun foydali boʻldi. Shu joyning oʻzida harbiy okrug va birlashmalar oʻrtasida doʻstona bellashish uchun arqon tortish musobaqasi oʻtkazildi. Mezbonlar oʻzlari tayyorlagan oʻquv materiallari va ramziy sovgʻalarini turli garnizonlardan kelgan hamkasblariga topshirdi.

Surxondaryoning etnomadaniy tajribasi

Elimizga ilk bahor nasimlari Surxon oʻlkasidan boshlanadi. Boychechakni kuyga solgan baxshining diltortar dostonlari, momolarning oʻlanu laparlari, chanqovuz sadosi koʻklamni sogʻingan koʻngillarni yayratadi. Yigʻin doirasida vohaning etnomadaniyati bor boʻy-basti bilan aks ettirildi. Doshqozonlarda sumalak qaynadi. Harbiy xizmatchilar oʻrtasida milliy taomlar bellashuvi, soʻzanayu kashta bilan zeb berilgan oʻtovlar ming yillardan beri nomoddiy madaniy merosimiz, qadimiy urf-odat va anʼanalarimiz asrab-avaylab kelinayotganidan darak berdi.

Maxsus pavilyonlarda harbiy xizmatchilar farzandlarining fan, sport, sanʼat, hunarmandlik yoʻnalishlarida respublika va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari, ijod namunalari namoyish etildi. Surxondaryogagina xos boʻlgan milliy taomlardan tatib koʻrdi. Madaniyat saroyida xushovoz xonandalar, iqtidorli askarlar etgan kuch-navolar ovozasi olislarga yetdi. “Surxon” folklor-etnografik xalq haqaskorlik jamoasining shoʻx-shodon yallalari tadbir ishtirokchilarini raqsga chorladi.

Uch kunlik tadbirlar yakunida koʻklamoldi yigʻinni oʻtkazish uchun bejiz Surxondaryo viloyati tanlanmaganiga amin boʻlib qaytdik.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti