Harbiy xizmatchilarning hushyorligini oshirishga qaratilgan profilaktik tadbir oʻtkazildi

0
569

Ayrim insonlarning gʻayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqoriligi bilan jamiyatga katta zarar yetkazadi. Bugungi kunda huquqbuzarlik sodir etishning turli yangicha koʻrinishlari paydo boʻlib, tinch turmushimizga illat sifatida kirib kelmoqda. Ulardan biri – qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlardir.

Qaysi kasb egasi boʻlmasin kundalik hayotini internetsiz, ijtimoy tarmoqlarsiz tasavvur eta olmaydi. Chunki tezkor axbort olish va almashishda internetning oʻrni beqiyos. Internet sahifalari hamda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish jarayonida koʻpchilik qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar girdobiga tushib qolayotgani ham sir emas. Bundan tashqari, internetda kibertovlamachilar aldoviga uchib, chuv tushib qolayotganlar talaygina.

Yuqorida sanab oʻtilgan holatlarga tushib qolmaslik uchun har bir insondan hushyorlik talab etilishi bilan birga ularga qarshi kurashuvchi mutaxassislar ishtirokidagi profilaktik tadbirlarning oʻrni juda muhim.Havo hujumidan himoya va harbiy havo kuchlari qoʻmondonligida “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, pora olish hamda berish, vositachilik qilish – jinoyat va halokat girdobidir” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbati koʻpchilikni ogohlikka chaqiruvchi tadbir sifatida ahamiyatli boʻldi.

Respublika harbiy prokuraturasi, qoʻmondonlikning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlimi ofitserlari hamda diniy ulamolar ishtirok etgan davra suhbatida qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, pora olish hamda berish, vositachilik qilishning huquqiy cheklovlari, diniy javobgarligi haqida batafsil toʻxtalib oʻtildi.

Vatan himoyasi yoʻlida xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilar adliya mayori M.Parpiyev hamda “Toʻqaytepa” jome masjidi imomi, islomshunos olim S.Mamadaliyev tomonidan qilingan chiqishlardan soʻng mutaxassislarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi. Har ikki maʻruzachi savollarga javob berish jarayonida profilaktik tadbirlar ogohlik garovi va sodir boʻlish ehtimoli mavjud jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil ekanligini taʻkidlab oʻtishdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting