Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolariga ko‘krak nishonlari va guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Amir Temur maydonidagi madaniyat markaziga Shahrisabz shahri hamda tumani, shuningdek, Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida joylashgan 15 ta maktabdan 315 nafar harakat rahbarlari va a’zolari taqdirlash marosimida jam bo‘ldi.
Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, general-mayor Hamdam Qarshiyev, Respublika harbiy prokuraturasi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat hamda tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
General-mayor Hamdam Qarshiyev nishon egalarini tabriklab, hozirgi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarning chegarasiz ekani, buning javobi sifatida o‘quvchilar ham chuqur bilim egallab, sadoqat bilan Vatanga tayanch bo‘lishlariga ishonch bildirdi.
Ko‘zlarida shijoat yongan ertamiz egalari ko‘krak nishonlarini qabul qilib olar ekan, O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga tantanali ravishda va’da berdi.
Tadbir yakuni harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi, harbiy texnikalar va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasiga ulanib ketdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati