“Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovining yana bir qo‘mondonlik bosqichi o‘tkazildi

0
1354

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qismlarning birida “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovining qo‘mondonlik bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda qo‘shilma va harbiy qismlar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jami 8 nafar harbiy oila bekalari o‘zaro bellashdi. Ko‘rik tanlov nizomiga ko‘ra ishtirokchilar “Men namunali oila bekasiman”, “Ignadan ip o‘tmasa…”, “Baxru bayt”, “Biz To‘maris izdoshlarimiz” shartlari bo‘yicha o‘z bilimlari, chaqqonliklari va mahoratlarini namoyon qildilar.

Tadbirni adolat tamoyillari asosida tashkillashtirish va o‘tkazish maqsadida Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasining mutaxassislari, shuningdek keng jamoatchilik va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari taklif qilindi.

Murosasiz kechgan bellashuvda faxrli uchinchi o‘rinni Navoiy viloyatidagi harbiy qismdan tashrif buyurgan Ro‘zigul Qurbonova qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli ikkinchi o‘rinni  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi harbiy qismdan kelgan Dildora Matkarimova qo‘lga kiritdi. Tanlovning mutlaq g‘olibi va Vazirlik bosqichi yo‘llanmasiga Farg‘ona viloyatidagi harbiy qismdan tashrif buyurgan Mohinur Mirzakarimova loyiq deb topildi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga qo‘mondonlikning diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti