Toshkent harbiy prokuraturasi Ohangaron yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

0
566

Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Ohangaron tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Unda Toshkent harbiy prokurori adliya polkovnigi Akbar Boboyev va Toshkent garnizoni harbiy avtomobil nazorati inspeksiya boshlig‘i O. Yuldoshev hamda DXX Chegara qo‘shinlari faxriylari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Tadbir «Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish» hamda «Yo‘l transport hodisalarining oldini olish har birimiz uchun dolzarb masala» mavzulariga bag‘ishlandi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savol va masalalarni o‘rtaga tashladi, mutaxassislar esa huquqiy tushuntirishlar berib o‘tdi.

Shuningdek, «Yoshlar markazi»da Toshkent harbiy prokuraturasi, Ohangaron tuman hokimligi, DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda «Uch avlod uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Toshkent harbiy prokurori adliya polkovnigi Akbar Boboyev, tuman prokurori Iqboljon Qambarov va tuman hokimi Abdurasul Abdulllayev, uzoq yillik xizmat tajribasiga ega iste’fodagi harbiylar, harbiy qism harbiy xizmatchilari, Ohangaron tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi hamda 52-umumta’lim maktabi yoshlari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar yoshlarga ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligini ta’kidlashdi.

O‘z sohasida ko‘plab yutuqlarga erishgan harbiylar va ijodkor askarlar chiqishlari ishtirokchilarga manzur bo‘ldi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Faxriy mehmonlarga esa esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, yoshlarga ular haqida batafsil ma’lumot berildi.

Adliya podpolkovnigi Alisher QURBONOV,
Toshkent harbiy prokurorining yordamchisi