Chirchiq yoshlari uchun harbiy bilim yurtida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi

0
649

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgarib bormogda. Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz — jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz albatta chugur anglaymiz.

Aynan shuning uchun ham Vatanimiz kelajagi bo‘lmish yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axlogiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatga hamda Vatanga bo’lgan ezgu tuyg‘ularini shakllantirish uchun Chirchig oliy tank qo‘mondanlik-muhandislik bilim yurtida Chirchiq harbiy prokuraturasi bilan hamkorlida Chirchiq shahrida joylashgan umumta’lim maktabi o‘quvchi yoshlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

O‘tkazilgan tadbirda bilim yurti kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar va 300 dan ortiq o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir doirasida bilim yurti kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlardan tarkib topgan jamolar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini, sportning “Stol tennis”, “Quvnoq estafeta” va “Turnikda tortinish” turlari bo‘yicha musobagalar o‘tkazildi. Musobaqalar yakuniga ko‘ra g‘olib jamoa va ishtirokchilar aniqlanib, bilim yurti rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, o‘quvchi yoshlar uchun bilim yurti tarixi va bugungi kundagi faoliyatini yoritib beruvchi videorolik namoyish etildi. Kursantlarning ta’lim olishlari va yashashlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlari uchun bugungi kunda bo‘lajak ofitserlarga yaratilgan imkoniyatlar  to‘g‘risida ulkan taassurotlar oldi. Shu bilan birga yoshalar bilim yurti muzeyiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan eksponatlarni tomosha qilish asnosida muassasa to‘g‘risida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Sherzod SHARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va Ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti