Matbuot anjumani. Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ma’lumot berildi

0
927

Bugun, 3-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2021-yil 30-sentabrdagi O‘RQ-718-son Qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida Mudofaa vazirligida faoliyat olib borayotgan  mutasaddi ofitserlar, shuningdek, Toshkent shahar va viloyati Mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari hamda Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Mudofaa vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Qodirov va Mudofaa vazirligi markaziy harbiy tibbiy komissiya boshlig‘i o‘rinbosari Xoliyar Tashtemirov esa spiker sifatida ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida dastavval keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlariga imzolangan qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida tushuntirish va qo‘shimcha ma’lumotlar berib o‘tildi.

Jumladan, mazkur qonun bilan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilgani ma’lum qilindi:

–fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish ishlarini tashkil etadigan chaqiruvni o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar tarkibi va faoliyati tartibi;

–safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga o‘tgan fuqarolar oylik harbiy yig‘inlarni o‘tganlaridan so‘ng Qurolli Kuchlar rezerviga o‘tkazilishi;

–fuqarolarni chaqiruv uchastkalarida qayd etish ishlari ular umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki boshlang‘ich professional ta’lim muassasalaridagi oxirgi o‘qish yilining oktabr-noyabr oylarida amalga oshirilishi;

–mehnatga qobiliyatsiz, ya’ni nafaqada yoki nogiron bo‘lgan ota-onaning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lib, ularni boqishi lozim bo‘lgan mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa, ushbu chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatga chaqirilmasligi belgilangan. Ushbu chaqiriluvchilar o‘zi va ota-onasining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) roziliklari bilan chaqirilish muddatini kechiktirmasdan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkinligi;

–harbiy xizmatchilarning, oliy ta’lim muassasalari kursantlarining, harbiy yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlarning va safarbarlik chaqiruvchi rezervidagi xizmatni o‘tayotganlarning moddiy javobgarligi belgilangan.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda harbiy sohani zamon talablari darajasida rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, harbiy xizmatni o‘tash tizimini zamon talablari darajasiga keltirish yuzasidan izchil islohotlar olib borilmoqda. Anjumanda shu va shu kabi mavzular haqida mutaxassislar tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilib, ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu bo‘yicha savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti