Oliy harbiy ta’lim muassasalari hamkorligi yo‘lga qo‘yildi

0
1006

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar oliy harbiy ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qurolli Kuchlar oliy harbiy ta’lim muassasalari, harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi boshliqlari, «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseylari direktorlari qatnashib, muvofiqlashtiruvchi kengash nizomi bo‘yicha taklif hamda mulohazalar bildirildi.

Kengash yig‘ilish davomida Qurolli Kuchlar tizimidagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘quv, ilmiy-tadqiqot hamda tarbiyaviy va mafkuraviy yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikning doimiy mexanizmini yaratish, sohaga oid mavjud muammolarni birgalikda o‘rganish, tahlil qilish, ularning yechimi bo‘yicha rejalar ishlab chiqish, zamonaviy urush olib borish taktikalarini o‘rganish va tahlil qilish asosida oliy harbiy ta’lim sohasiga ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsiyalarni jalb qilish, mutaxassis kadrlarni tayyorlash bilan bog‘liq «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, oliy harbiy ta’limni rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar orasida oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, amaliy o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazish, kuch tuzilmalari yagona ilmiy-tadqiqot bazasini yaratish, mutaxassislar malakasini oshirish markazlarini tashkillashtirish kabi istiqbolli rejalar o‘zaro kelishib olindi. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida hamkorlikda yaratilgan o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanish tavsiya etildi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti