Qo‘shinlarda eng ilg‘or texnik ta’minot mutaxassislari aniqlanmoqda

0
1366

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida texnik ta’minot mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalari “Eng ilg‘or ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi”, “Ilg‘or ta’mirlash bo‘linmasi”, “Namunali raketa artilleriya qurol-aslaha saqlash ombori” va “Eng yaxshi jangovar mashinalar parki” ko‘rik-tanlovlari orqali sinovdan o‘tkazilmoqda.

Tanlovda Toshkent harbiy okrugi ta’minot bo‘linmalari ham asosida o‘tkazilayotgan “Eng ilg‘or ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi” yo‘nalishida munosib ishtirok etib, g‘oliblikka da’vogar bo‘lib turibdi. Okrug jamoasi barcha shartlada baholash mezoni bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda.

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda ham tanlov shartlarini bajarib, harbiy xizmatchilar nazariy bilimlarini amalda yana bir bor mustahkamladi. Shuningdek, tanlovda okrug texnik taminot bo‘linmalarining jipsligi, jismoniy chiniqishi va birdamlikdagi harakati ham ko‘rib chiqildi. 

Nizomga ko‘ra, ishtirokchilarning nazariy va amaliy bilimlari quyidagi vazifalar bo‘yicha baholab borildi:

  • shaxsiy tarkib bilan butlanganligi va nazariy bilimlarning mustahkamligi;
  • texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash punktini jihozlanganligi;
  • akkumulyator zaryadlash stansiyasining jihozlanganligi;
  • harbiy qism qurol-aslaha va texnikalarini ta’mirini tashkillashtirganligi;
  • jangovar shaylikka keltirish va vazifa bajarishga shayligi;
  • dala sharoitlarida ishlashga tayyorligi;
  • amaliy o‘q otish tayyorgarligi;
  • jismoniy tayyorgarligi;
  • ta’mirlash va ishlab chiqarish ishlariga innovatsion yondashuv.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizoni harbiy qismida ham ko‘rik-tanlovning “Namunali raketa artilleriya qurol-aslaha saqlash ombori” yo‘nalishida Mudofaa vazirligi Qurollanish bosh boshqarmasi tashkiliy ishchi-guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilib, Nizom talablari asosida sinovdan o‘tkazildi.

“Eng bilimdon raketa artilleriya qurol-aslaha saqlash ombori boshlig‘i” nominasiyasida raketa-artilleriya qurol-aslahalari ombori boshlig‘i birinchi darajali serjant Nurjan Rashidov ishtirok etib, ishchi guruh tomonidan funksional majburiyatlarini bilish darajasi tekshirildi. Omborxonalarni umumiy baholash raketa-artilleriya qurol-aslahalari ombori va uning hududi hamda ombor boshlig‘i ish joyining jihozlanishi asosida baholandi.

Ushbu turdagi musobaqalarni o‘tkazish texnik ta’minot bo‘linmalarining salohiyatini mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalardan samarali foydalanish, jangovar vazifalarni bajarish vaqtida safdan chiqqan qurol-aslaha va texnikalrni zudlik bilan qisqa vaqtda, sifatli safga qaytarish ko‘nikmalarini oshiradi.

Qo‘shinlarda sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ta’mirlash bo‘linmalarining nufuzini yanada oshirishga qaratilgan tanlovning g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.

Mudofaa vazirligi axborot va
ommaviy kommunikatsiylar departamenti