Jizzaxda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig‘inlarini tatbiq etishga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

0
1199

Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida «Jizzax tajribasi» asosida yoshlar bilan «Jasorat maktabi» harbiy-vatanparvarlik yig‘inlarini boshqa viloyatlarga tatbiq etishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida qator vazifalar belgilanib, bu bo‘yicha Jizzax tajribasini butun respublikaga tatbiq etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi. Mazkur amaliy seminar aynan shu maqsadlarga yo‘naltirildi.

Xo‘sh, nima uchun aynan Jizzax tajribasi? Ma’lumki, butun respublika bo‘ylab yoshlar bilan ishlashning yangicha usullari amaliyotga keng joriy etilmoqda. Aynan Jizzaxda tashkil etilgan harbiy-vatanparvarlik yig‘inlari esa boshqalariga nisbatan o‘zining samaraliroq ekanini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqqan holda mana shu tajribani butun respublika bo‘ylab ommalashtirish, yanada mukammallashtirish, ertamiz egalariga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘lami va qamrovini kengaytirish borasida aniq algoritmni yaratish ustida ish olib borildi.

Seminarga yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari jalb etildi. Harbiy qismda tashkil etilgan qator o‘quv nuqtalarida yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularga hunar o‘rgatish borasidagi amaliy ishlar seminar ishtirokchilariga ko‘rsatib berildi. «Jasorat maktabi» harbiy-vatanparvarlik yig‘inlariga jalb etilgan yoshlar bilan muloqotlar tashkil etildi.

– Oilaliman, bir nafar farzandim bor. Ammo shu paytgacha biror bir kasbning boshini tutmaganman. Ro‘zg‘or haliyam dadamning bo‘ynida, – deydi g‘allaorollik Feruz Jo‘raboyev. – Bu yerga kelib to‘g‘ri qilibman. Qisqa vaqt ichida payvandchilikni o‘rganib oldim. Uyimga qaytib, o‘z faoliyatimni boshlamoqchiman. Mana shu yerda o‘zim mustaqil yasagan buyumlarimni bir ko‘ring. – Feruz yasagan buyumlar malakali ustalarning ishidan kam emas.

Tadbirning bosh rejasiga asosan bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘quv nuqtasida davom etgan seminarning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

Jizzax viloyatining yoshlarni harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi hamda ularni fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribasini mamlakatimiz hududlariga keng joriy etish;

yoshlar bilan o‘tkaziladigan shunday yig‘inlarni rejalashtirish, tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha ishlash va yondashishning yagona algoritmini, shuningdek, yoshlar siyosatini amalga oshirishga mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikning samarali mexanizmini ishlab chiqish;

yoshlarni tarbiyalash hamda ularning fuqarolik pozitsiyasini va ijtimoiy adaptatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, ularni kasbga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari va sportga keng jalb etishning yanada samarali shakl va uslublarini muhokama qilish va belgilash hamda olib borilgan ishlar natijalarini ta’sirchan monitoring qilish tizimini yaratish.

Seminar davomida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev harbiy-vatanparvarlik yig‘inlariga jalb etilgan yigitlarning ota-onalari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Farzandlarida qisqa vaqt ichida kuzatilgan o‘zgarish, eng muhimi esa yoshlar o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘ya boshlaganini so‘zga chiqqan ota-onalar tasdiqlashdi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu amaliy seminar yoshlar bilan ishlash tizimining yangicha ko‘rinishda butun respublika bo‘ylab ulkan harakatga aylanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Katta leytenant Islomjon QO’CHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti