Muddatli harbiy xizmatchilarni manzillarga tashish tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi

0
1344

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish va belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan hamda rezervga bo‘shatilgan fuqarolarni manzillarga tashish tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda okrug qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi harbiy harakatlar boshqarmasi vakillari, “O‘zbekiston temir yo‘llar” AJ mutaxassislari, Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari hamda kuch tuzilmalari mas’ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan mas’ullar tomonidan kun tartibidagi masala yuzasidan asosiy vazifalar belgilandi. Jumladan, yig‘in punktlarida yangi chaqiriluvchilarni qabul qilish, temir yo‘l vokzallariga jo‘natish va rezervga bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchilarni kutib olish tadbirlarini yuqori saviyada tashkil qilishga alohida e’tibor qaratildi.  

Shuningdek,  yig‘ilish ishtirokchilariga temir yo‘l vokzallarida, bekatlarda chaqiruv va xizmatdan bo‘shatish tadbirlarini o‘tkazish davrida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan transportda qo‘yiladigan talablar, avtomobil transportida tashish vaqtida avtokolonnalarning havfsiz harakatlanishini tashkillashtirish, temir yo‘l chiptalarini rasmiylashtirish, ularni chiqarish va tushirish bo‘yicha talablar yetkazilib, ularga qat’iy rioya etilishi lozimligi ta’kidlandi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati