Harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi

0
1169

Mudofaa vazirlligi harbiy xizmatchilari yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida kamol topishlarida o’z hissalarini qo’shib kelmoqdalar. Buni ertamiz egalarining harbiy qismlarga tashrifi misolida ham ko’rishimiz mumkin.

Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugi tasarrufidagi Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Buxoro davlat universiteti Harbiy ta’lim fakulteti kursantlari hamda shahardagi bir nechta maktablardan tashrif buyurgan yuzdan ortiq o’quvchi yoshlar qismda yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib chiqdilar. Buxoro viloyatidagi faxriy harbiylar hamrohligida o’quvchilar kompyuterlashtirilgan panoramali o’q otish trenojorida amaliy otish zavqini tuydi.

Harbiy qism saf maydonida yoyilgan turli o’quv nuqtalarida texnika, qurol-yaroq va jihozlar namoyishi bo’lib o’tdi. Aslahalar haqida berilgan ma’lumotlarni qunt bilan tinglayotgan yoshlar dilidagi yurt himoyachisi bo’lish istagi yanada ortgani shubhasiz.

Tadbir yakunida Buxoro garnizoni harbiy orkestr jamoasi konsert dasturi hamda harbiy xizmatchilarning qurol bilan ko’rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Mehmonlar maskandan bir olam taassurot va ma’lumotlar bilan qaytdilar.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati