Jizzaxda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig‘inlarini tatbiq etishga qaratilgan amaliy seminar boshlandi

0
1378

Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida “Jizzax tajribasi” asosida yoshlar bilan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig‘inlarini boshqa viloyatlarga tatbiq etishga qaratilgan amaliy seminar boshlandi.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida qator vazifalar belgilanib, bu bo‘yicha Jizzax tajribasini butun respublikaga tatbiq etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi. Mazkur amaliy seminar aynan shu maqsadlarga yo‘naltirildi.

Seminarda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda. 

Tadbirning bosh rejasiga asosan bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘quv nuqtasida davom etayotgan seminarning asosiy maqsadlari:

  • Jizzax viloyatining yoshlarni harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi hamda ularni fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribasini mamlakatimiz hududlariga keng joriy etish;
  • yoshlar bilan o‘tkaziladigan shunday yig‘inlarni rejalashtirish, tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha ishlash va yondashishning yagona algoritmini, shuningdek, yoshlar siyosatini amalga oshirishga mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikning samarali mexanizmini ishlab chiqish;
  • yoshlarni tarbiyalash hamda ularning fuqarolik pozitsiyasini va ijtimoiy adaptatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, ularni kasbga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari va sportga keng jalb etishning yanada samarali shakl va uslublarini muhokama qilish va belgilash hamda olib borilgan ishlar natijalarini ta’sirchan monitoring qilish tizimini yaratish.

Seminarning asosiy fazasi 15-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, tadbirlar yakunida “Jizzax tajribasi” asosida yoshlar bilan o‘tkaziladigan yig‘inlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yagona yondashuv va ishlash algoritmini belgilaydigan o‘quv-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti