Qo‘shinlarda shoh va shoir tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda  

0
597

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi qo‘mondonlik, harbiy qism va muassasalarda Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.

Xususan, Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy garnizonlarida “Turkiy dunyoning buyuk siymosi” mavzusida adabiy tadbirlar o‘tkazildi. Okrug tasarrufidagi harbiy qismlarning birida o‘tkazilgan Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Yulduzli tunlar” asari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyishi ham shular jumlasidan. 

 

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida O‘zbekiston davlat dramma teatri aktyorlari ishtirokida “Nazm va navo” kechasi ham tashkil qilindi. Ma’naviy-ma’rifiy kecha muddatli harbiy xizmatchilar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Bu o‘z navbatida askarlarning mazmunli hordiq olishlariga xizmat qiladi.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on garnizonida shahar hokimligi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar, Samarqanda davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on shahar filiali talabalari, hudud maktablari o‘quvchilari ishtirok etgan kechada teatr aktyorlari ijrosida “Anda jonim qoldi manim” spektakli namoyish etildi. Spektakl davomida sahna asari ijodkorlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ham ijro etildi. Spektakl harbiy xizmatchilar va tomoshabinlarga ma’naviy ozuqa bag‘ishlab, buyuk siymo haqidagi bilimlarini yana boyitgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida ham muddatli harbiy xizmatchilar va Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabalari o‘rtasida “Zahiriddin Muammad Bobur ijodida Vatan madhi” nomli insholar tanlovi hamda madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Badiiy kechada nafaqat adabiyotning yetuk namoyondasi, balki mohir sarkarda sifatida Bobur amalga oshirgan ishlar, jang san’ati, harbiy yurishlari xususida ham so‘z yuritildi.

Badiiy tadbir dasturi doirasida kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va o‘quvchi-yoshlar jamoalari o‘rtasida Bobur Mirzo tavallud kuniga bag‘ishlab “Zakovat” o‘yini tashkil etildi. Shu bilan birga, askarlar va o‘quvchi-yoshlar fevral oyida tavallud topgan ikki buyuk siymoning portretlarini ranglarda jo etishdi.

 

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi tadbirlari davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti