«Doim mashaqqatli yo‘lni tanlaganman…»

0
1141

Joriy etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan «To‘maris» ko‘krak nishoniga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganlar safida Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi kichik serjanti Amina Mamedova ham bor. Aminani taniganlar uni samimiy, xushchaqchaq va to‘g‘riso‘z ekanligini inkor etmaydi. Biz bilan suhbat jarayonida ham boshidan kechirgan voqealarni pozitiv kayfiyat bilan gapirib berdiki, beixtiyor undagi xushkayfiyat, albatta, suhbatdoshga ham «yuqishi»ni his etdik . Uning gaplarini oqqa ko‘chirar ekanman, yana bir bor kayfiyatimda yengillik sezdim, yuzimda nim tabassum bilan suhbatni yozdim va sizga ham ilindim…

To‘qqiz yoshimda sport ustasi bo‘lganman….

To‘rt yoshimda onam majburlab gimnastikaga olib borgan hamda murabbiyga men bilan alohida ishlash kerakligini, nima qilib bo‘lsa ham olimpiada chempioni bo‘lishim shartligini uqtirgan. Murabbiy esa bir menga, bir onamga qarab tabassum qilgan. Men hech narsani tushunmay, og‘zimda so‘rg‘ich bilan hayratlanib o‘tirardim. Onamning so‘zlarini eshitgan murabbiy, buning uchun tinimsiz mehnat va sabr kerakligini aytgan. Onam shaxt bilan meni olib chiqib ketgan. Onamning sabri olti oyga yetdi xolos. To‘rt yarim yoshga yetganimda yana o‘sha murabbiyning oldiga olib bordi. Jahl bilan og‘zimdagi so‘rg‘ichni uloqtirdi-da, oldingi shartlar bilan murabbiyga yuzlandi. Imkoni qolmagan murabbiy esa (kuladi) men bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Har kuni yig‘lardim. Mashg‘ulotlarga bormayman, degan raddiyam onamning ko‘nglini yumshatolmasdi. Gimnastika sporti bilan shug‘ullanish uchun inson tanasi egiluvchan bo‘lishi kerak. Menga bunday egiluvchanlikni shakllantirish uchun berilayotgan ko‘rsatmalarni bajarish og‘irlik qilardi. Oxir-oqibat olti oylik xarxashalarim o‘z samarasini berdi va men bu sport turini tashladim.

Endi akrobatika bilan shug‘ullanishni boshladim. Unda ham egiluvchanlik talab etilar ekan. To‘qqiz yoshimda ushbu sport turi bo‘yicha sport ustasi bo‘lgandim. Ammo akrobatika olimpiya o‘yinlari tarkibida yo‘qligi jonimga oro kirdi. Onamning birdan-bir orzusi esa meni olimpiada chempioni bo‘lishim edi. Keyin sambo bilan shug‘ullandim. Bu ham olimpiada yo‘nalishidagi sport turi emas ekan. Oxir oqibat dzyudoda to‘xtadik. Ham onamning orzusi amalga oshadigan bo‘ldi, ham men tatamida kurashadigan bo‘ldim. To‘g‘risi, menga bu sport turi juda yoqib borardi. Qizlar yo‘q hisobi, o‘g‘il bolalar esa men bilan kurashmasdi. Hammasi qochardi. Murabbiyga aytib, baribir men bilan kurashishga majburlardim. Tasavvur qilib ko‘ring, qaysi o‘g‘il bolaga yoqadi qiz boladan yengilish.

Birinchi ustozim onam

Oilada onamga nisbatan dadamning fe’li yumshoqroq. Ammo onam ayol kishi bo‘lishiga qaramasdan, ancha qattiqqo‘l, cho‘rtkesar va dangal inson. Menga ko‘proq onamning xarakteri o‘tgan bo‘lsa kerak. Lekin o‘zimga ham xarakterim yoqadi. Dilimda nimani o‘ylasam, tilimda shu fikr namoyon bo‘ladi. Dangalchiman. Vaqti kelsa cho‘rtkesarman. Meni tanigan barcha do‘stlarim va tanishlarim menga moslashgan. Xafa bo‘lishmaydi. Aksincha, yaxshi ko‘rishadi. Inson hech qachon ikkiyuzlamachi bo‘lishi kerak emas. Men bu borada onamni ustozim, deb bilaman. Sportda nimaga erishgan bo‘lsam, bunga onam sabab. Agar u kishi qo‘limdan yetaklab olib bormaganida menga sport begona bo‘lar edi.

Boshqa manzilga tushib qolgandim…

Dzyudo bo‘yicha musobaqalarga qatnashib yurgan paytlarim edi. Xuddi shunday musobaqalardan birida polkovnik Mansur Madaminov yonimga kelib, «Harbiy libos kiyish haqida o‘ylab ko‘rmaysanmi?!» deb qoldi. O‘ylab ham o‘tirmasdan, roziman, deb yubordim. Bolalikdagi orzum ham aslida harbiy bo‘lish edi-da. Sal oldin Qurolli Kuchlar akademiyasiga hujjat topshirish uchun borganimda, ayollarni o‘qishga qabul qilmaymiz, deyishgandi. Orzumga yetishtiradigan taklif bo‘lib turgan paytda, ikkilanib o‘tirish noo‘rin. Mansur akaning taklifi sabab harbiy libos kiydim. Oradan ancha vaqt o‘tgandan keyin armiya o‘yinlariga saralashlar bo‘layotganligi, o‘zimni sinab ko‘rishim mumkinligini aytib qolishdi. Lekin sal murakkabroq bo‘ladi, qiynalib qolmaysanmi, deyishganida qat’iy ohangda «yo‘q» dedim. Men qiyinchiliklarni yaxshi ko‘raman. Yengil yo‘l bilan qiyin yo‘lni tanlash kerak bo‘lsa, doim qiyin yo‘lni tanlaganman. O‘zim ham qiyinchiliklarni yengib o‘tib, natijaga erishganimda rohatlanaman.

Xullas, bizni dala-o‘quv maydoniga olib borishdi. Birinchi marotaba o‘z ko‘zim bilan poligonni ko‘rib turgandim. U yerdagi vaziyat umuman boshqacha edi. Ayollar qo‘lida qurol, boshida kaska, yelkasida erkak kishini opichlagancha yugurardi. To‘g‘risini aytaman, men aniq boshqa manzilga tushib qolgandim. Bir tarafda boshqa harbiy ayollar avtomatdan nishonni o‘qqa tutishardi. Qo‘rqib ketdim. Orqaga bir tisarildim. Umrimda avtomat ko‘rmaganman. Menga nishonga qarata o‘q uzishim kerakligini tushuntirishyapti. Ammo mening ko‘zlarim olazarak bo‘layotganligini payqagan mas’ullar bir boshidan tushuntirishdi. Sekin-asta o‘rgana boshladim.

Birinchi yil ikkinchi jamoada ishtirok etishga majbur bo‘ldim. Ammo ikkinchi yildan o‘zimga maqsad qildimki, qatnashsam birinchi jamoa­da qatnashaman va o‘zimni nimalarga qodirligimni ko‘rsataman. Men barchasini uddalayman. Buni qarangki, keyingi yil barcha harakatlarim natija berdi va men ArMI – 2021 musobaqasining rekordchisiga aylandim. Yana qanaqa yo‘nalishda, avtomatdan nishonga aniq o‘q uzish bo‘yicha. Ayni shu yo‘nalishda rekord bo‘lganidan xursand bo‘lib ketdim. Oxirida shuni angladimki, manzilda adashmagan ekanman…

Armiya irodamni tobladi

Esimni tanibmanki, sport bilan shug‘ullanaman. Har qanday qiyin vaziyatlarni bemalol yengib o‘ta olaman, deb o‘ylardim. Fuqarolikda toblanganlarim, dala mashg‘ulotlari oldida hech narsa emas ekan. Buni his qilish uchun 10-15 kun mobaynida jangovar holatdagi kiyimlar bilan avtomatni osib olgan holda, saratonning issig‘i-yu, qahratonning sovug‘ida mashg‘ulotlarni bajarib ko‘rgan inson biladi. Insonning irodasi ham, sabrining chegarasi ham, qat’iyatliligi ham poligonda bilinadi, toblanadi. Boshdan o‘tkazayotgan inson sifatida aniq ayta olamanki, sportchi bo‘lish, qolaversa, harbiy sportchi bo‘lish uchun juda katta jasorat kerak ekan. Mendan yoshi katta harbiy opalarimning mashg‘ulot jarayonlarini ko‘rib aytamanki, bularning har biri To‘marisning haqiqiy izdoshi. To‘g‘ri, ular ot ustida qilich ko‘tarib, yovga qarshi kurashmayotgandir. Ammo ularning matonati, irodasi va jasorati, qilich ko‘tarib jangga kirgan sarkarda ayollardan kam emas.

Taqdirning kutilmagan tuhfasi

Harakat qilmagan odam xato qilmaydi. Doimiy harakatda bo‘lgan inson, albatta, biror natijaga erisharkan. Onamning olimpiada chempioni bo‘lishim haqidagi orzusi (hozircha) amalga oshmagan bo‘lsa-da, men erishgan va taqdir tuhfa etgan «syurpriz»laridan barchamiz birdek minnatdormiz. Dzyudo bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori bo‘ldim. Qolaversa, bolaligimdagi orzum – harbiy sportchi bo‘lishdek baxtga musharraf bo‘ldim. Safdoshlarim bilan natija uchun jamoa bo‘lib kurashish kerakligiga ko‘nikdim. Menga eng yoqimli bo‘lgan onlar mudofaa vazirining qo‘lidan ko‘krak nishonini olish bo‘ldi. Sahnaga chiqib, «Hurmatli mudofaa vaziri, kichik serjant Mamedova taqdirlanish uchun keldi…» mana bunday onlar hammaga ham nasib etavermaydi. Aslida harbiy xizmatchi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Buning uchun Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi rahbariyatiga, ustozlarimga va ota-onamga rahmat aytaman. Kelajakda Prezidentning qo‘lidan ham orden-nishonlarni olish uchun bor kuch-g‘ayratimni ayamayman. Buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli, sharoitlar yaratilgan. Bizdan faqat harakat, harakat va yana harakat qilishimiz talab etiladi xolos.

Xulosa

Bolaligimdan hayotda o‘z o‘rnimni topish uchun faqat va faqat o‘zimga ishonishim kerakligini onam uqtirib kelgan. Hech narsa abadiy emas. Shunday ekan, yoshlikning quvvatini kerakli va foydali narsalarga sarflash maqsadga muvofiq. Tengdoshlarim va ulg‘ayib kelayotgan yoshlarga aytmoqchimanki, vaqtni besamar o‘tkazmang. Qiyin va mashaqqatli yo‘ldan qochmang. Mashaqqatlarda inson irodasi toblanarkan. Irodali bo‘lish uchun, albatta, qiyin va to‘g‘ri yo‘lni tanlang. Mashaqqatlar ortida rohat borligini hayotim va faoliyatim davomida ko‘rib turibman.

Sherzod SHARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti