Buyuk siymolar tavalludiga bag‘ishlangan kechalar davom etmoqda

0
769

Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi qo‘mondonlik, harbiy qism va muassasalarda keng nishonlanib kelinayotgan Navoiy hamda Bobur tavalludi adabiyot bayramiga aylanib ketdi.

Jumladan, Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.  Unda O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Ra’no Yarasheva hamda aktyor Tolib Mo‘minovlar ikki buyuk siymo davrlarini yodga soluvchi sahna ko‘rinishlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovar bo‘ldi.

Bu kabi ma’naviy-adabiy tadbirlarning mantiqiy davomi Zangiota tumanida joylashgan 14-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlar va Axborot-kommunikatsiya texnalogiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari ishtirokida o‘tkazildi. Unda aloqa harbiy instituti kursantlari va tuman umumta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan Bobur ijodiga mansub qator g‘azal va ruboiylar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tadbir yakunida kursantlar tomonidan o‘quvchilar uchun “Mardlik va jasorat” darslari o‘tkazildi.

Huddi shunday ma’naviy-adabiy tadbir “Buyuk Temuriy siymolar siyrati” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomli O‘zbek milliy musiqa va sa’at instituti, Sharqshunoslik universiteti hamda V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi bilan hamkorlikda bayramona ruhda o‘tkazildi. Unda “Bobur huquqiy merosining harbiy kadrlarni huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakillantirishdagi roli” va “Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy mahorati” mavzularida qiziqarli ma’ruzalar qilindi.

Shuningdek, Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism Madaniyat markazida ham “Navoiy va Boburning yodi ila yashaymiz” nomli ma’naviy-adabiy tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, o’quvchi-yoshlar, san’atkorlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavalludi uchun tayyorlangan videolavha bilan boshlangan tadbirda, so‘zga chiqqanlar ushbu buyuk mutafakkirlarning hayoti va ijodi haqida qiziqarli ma’lumotlar ulashdi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi tadbirlar millatimiz tarixini hamda adabiyotini kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazishda ko‘prik vazifasini o‘taydi hamda ertamiz egalariga milliy g‘urur, iftixor va vatanparvarlik ruhini singdirishga xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti