Markaziy harbiy okrugda eng namunali harbiy oila bekasi aniqlandi

0
1061

Mudofaa vazirligi miqyosida ana’naviy tarzda o‘tkaziladigan  “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostidagi “Balli ayollar” ko‘rik-tanlovining Markaziy harbiy okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovda Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarida o‘z xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlaridan iborat 16 nafar ishtirokchi qatnashdi. 

Tanlov 4 shart asosida bo‘lib o‘tdi. Jumladan, “Men namunali harbiy oila bekasiman” shartda ishtirokchilar o‘zini turli usullarda tanishtirgan bo‘lsa, “Ignadan ip o’tmasa…” shartida oila bekalarining qo‘l mehnatlari sinab ko‘rildi. “Bahru bayt” shartida oila bekalari xalq og‘zaki ijodi(laparlar, qo‘shiqlar, allalar, yallalar, ovutmachoqlar, sanamlar…)dan ijro etib berishdi. Yakuniy “Biz To‘maris izdoshlarimiz” deb nomlangan shartda oila bekalari tarixiy qahramon ayol — To‘maris rolini mohirona ijro etib, tomoshabinlar olqishiga erishdi.

Bahs va munozaraga boy tarzda o‘tgan tanlov natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan harbiy oila bekasi aniqlanib, unga 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida o‘tkaziladigan yakuniy bosqichga yo‘llanma berildi. G‘olib va sovrindorlarga esa okrug qo‘mondonligining diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati