Farg‘onada “Jasorat maktabi” harbiy yig‘ini boshlandi

0
983

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2023-yil 13-yanvardagi kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, Qurolli Kuchlar jangovar shayligi va jangovar tayyorgarligini takomillashtirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda viloyatning turli hududlaridan muqim ish joyiga ega bo‘lmagan hamda ichki ishlar nazoratida turgan yoshlar uchun “Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini boshlandi.

Yig‘inda ishtirok etuvchi yoshlar mavsum bo‘yicha harbiy kiyim-bosh, yotoqxona va yotoqxona anjomlari, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan o‘quv moddiy baza bilan ta’minlandi.

Loyihani yuqori saviyada o‘tkazish hamda samaradorligini oshirish maqsadida yig‘in ishtirokchilari guruhlarga taqsimlanib, har bir guruhga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.

Yoshlar harbiy qism sharoitlari bilan yaqindan tanishtirilib, yig‘in tartibi bo‘yicha 10 kunlik mashg‘ulotlar hamda ma’naviy–ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati