Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlarining qo‘shinlardagi ijodiy tadqiqotlar safari

0
595

Qurolli Kuchlar Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlarining Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti va Chirchiq garnizonidagi harbiy qismlarga ijodiy tadqiqot safari amalga oshirildi.

Qo‘shinlar va oliy harbiy ta’lim muassasasida ofitser va serjantlarni Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning nazariy bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan barcha davra suhbatlari ilmiy xodimlarning harbiy sohadagi tajribalari bilan o‘rtoqlashish hamda Institut faoliyati to‘g‘risida ko‘rgazmali videorolik bilan boshlandi.

 

 

Jumladan, institutning markaz boshlig‘i polkovnik Aziz Toirov tomonidan harbiy qismda ofitserlar va serjantlar bilan «Dunyoda yuzaga kelgan harbiy-siyosiy vaziyat va harbiy sohadagi zamonaviy xavf va tahdidlar» mavzusidagi davra suhbatida hozirgi kunda dunyoda va mintaqamizda yuzaga kelgan harbiy-siyosiy vaziyat, xavfsizlikka nisbatan noan’anaviy tahdidlar va omillar bo‘yicha xorijiy ekspertlarning xulosalari prezentatsiya shaklida yetkazildi.

Institutning katta ilmiy xodimi, iste’fodagi polkovnik X.Xolboyev «Ikkinchi Jahon urushi g‘alabasiga O‘zbekistonning qo‘shgan ulkan hissasi», «Moskva himoyasidagi janglarning o‘ziga xos jihatlari» mavzularida Ikkinchi Jahon urushining harbiy tarixdagi o‘rni, g‘alabaga erishishda O‘zbekistonning qo‘shgan ulkan hissasi, umuman harbiy tarixni o‘rganishda zarur bo‘lgan ilmiy va tahliliy yondashuvlarni ko‘rgazmali tarzda bayon etdi.

Institutning katta ilmiy xodimi, iste’fodagi polkovnik S.Xolikov «Buyuk sarkardalarimizning hayoti, harbiy faoliyati va dunyo taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari» mavzusidagi chiqishida buyuk sarkardalarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburning sarkardalik mahoratlari, jahon harbiy san’atiga qo‘shgan hissalari haqida tarixiy manbalarga tayangan holda ma’lumot berdi.

Institutning katta ilmiy xodimi, iste’fodagi polkovnik S.Abdullayevning esa «Zamonaviy qurolli mojarolarda artilleriyani jangovar qo‘llanishi» mavzusidagi chiqishida jangovar harakatlarda artilleriyaning ahamiyati, artilleriya razvedkasini uchuvchisiz uchish tizimlari yordamida tashkillashtirilish, artilleriyaning yashovchanligini ta’minlash, artilleriyaning o‘t ochishini boshqarish, kontrbatareya kurashi masalalari bo‘yicha bergan ma’lumoti ishtirokchi ofitserlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, institutning katta ilmiy xodimi, iste’fodagi polkovnik R.Abdullayev tomonidan «Harbiy sotsiologik tadqiqotlarni matematik modellashtirishning usullari» mavzusida ofitserlar bilan sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazildi hamda  harbiy jamoalarda psixologik muhitni diagnostika qilish va muhitni yaxshilashga qaratilgan dolzarb uslubiy tavsiyalar berildi.

Tadqiqot safari davomida institut Ilmiy-axborot bo‘limi boshlig‘i, harbiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim, podpolkovnik R.Raxmatbayev Chirchiq oliy tank komandir-muhandislik bilim yurti professor-o‘qituvchilar bilan o‘tkazgan suhbatida ilmiy loyihalarning turlari, ilm-fanga va ilmiy faoliyatga oid amaldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar hamda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini shakllantirish mexanizmi haqida ma’lumot berdi.

Institut ilmiy xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan barcha tadbirlar interaktiv muloqotga boy tarzda o‘tdi. Ushbu tadbirlar ishtirokchilarning mavzular bo‘yicha nazariy bilimlarini oshirishga, mustaqil tahlil va tadqiqot ko‘nikmalarini hosil qilishga imkon yaratdi.

Institut ilmiy xodimlari tomonidan qiziqarli mavzularda o‘tkazilgan barcha tadbirlar, shu jumladan, davra suhbatlari, «Uch avlod» uchrashuvlari, o‘zining dolzarbligi bilan ajralib turdi hamda harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi va dunyoqarashini yuksalishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti