“Moziydan nur sochgan buyuk siymolar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

0
629

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi ta’sarrufidagi Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismda Alisher Navoiy tavlludining 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yilligi munosabati bilan “Moziydan nur sochgan buyuk siymolar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda harbiy qism shaxsiy tarkibi, Chirchiq harbiy prokurori katta yordamchisi adliya mayori Sultonmurod Kalenderov, Mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi a’zosi Erkin Rahmonqul, Chirchiq Davlat Pedagogika universiteti gumanitar fanlar kafedrasi talabalari hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.  

Dastlab tadbir ishtirokchilari Chirchiq shahrida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ydi. Tadbir ishtirokchilari buyuk mutafakkirning hayoti, uning asarlarida namoyon bo‘lgan komil inson tushunchasining mohiyati haqida so‘z yuritdi. So‘ngra san’at va adabiyotga oshno bo‘lgan harbiy xizmatchilar, yoshlar va adiblar tomonidan shoirning g‘azallari va ruboiylari yoddan aytildi.

Alisher Navoiy o‘z asarlarida yuksak umuminsoniy tushunchalarni, turkiy tilning beqiyos so‘z boyligi, uning cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etgan bo‘lsa, Bobur Hindistonda 300 yildan ortiq davom etgan Boburiylar sulolasiga tamal toshini qo‘ygan.

Tadbirning ikkinchi yarmi harbiy qismda o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda Navoiy hamda Boburning boy hamda serqirra ijodiy meroslarini har tomonlama chuqur o‘rganish, ularning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek askarlar va talabalar tomonidan har ikki buyuk siymolarning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari ham ijro etildi.

Sherzod EGAMBYeRDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti