Jizzaxda “Jasorat maktabi” o’quv yig‘inining navbatdagi mavsumi boshlandi

0
938

Markaziy harbiy okrug qo’mondonligi va Jizzax viloyati harbiy ma’muriy sektorining tashabbusi bilan tashkil etib kelinayotgan viloyatning turli hududlaridan muqim ish joyiga ega bo‘lmagan hamda ichki ishlar nazoratida turgan yoshlar uchun “Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostidagi 10 kunlik ”Jasorat maktabi” o’quv yig‘inining navbatdagi mavsumi boshlandi.

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda yig‘in ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi. Dastlab yoshlar tibbiy ko’rikdan o’tkazilib, harbiy liboslar bilan ta’minlandi. 

“Jasorat maktabi” yig’inining tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali marosimda yoshlar qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, “Amir Temur” va “Jaloliddin Manguberdi” ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari, harbiy orkestr hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan ko‘l jangi chiqishlari yigitlarni yanada ruhlantirgan bo‘lsa ajabmas. 

Eslatib o’tamiz yig‘in davomida 100 nafar yigit 10 kun muddatda jangovar, sport o‘yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik hamda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mashg‘ulotlarga jalb qilinadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati