Betakror va barhayot siymolar

0
557

Fevral bir boshqacha oy-da! Koʻnglingda, hademay bahor keladi, degan goʻzal va yorugʻ oʻylar, umid uygʻotadi. Yana bir bebaho tomoni bu oyda ikki buyugimiz – hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan. Ana shu qutlugʻ sanalar munosabati bilan joylarda qator maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Betakror va barhayot siymolar” deb nomlangan adabiy-maʼrifiy kecha Mudofaa vazirligi markaziy aloqa uzeli bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Kechani poytaxtdagi Glier nomidagi ixtisoslashgan musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchisi Ulugʻbek Mirzo Raupxonov “Nazm va navo” kuyi bilan boshlab berdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, jamoatchilik kengashi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzaaliyev ishtirok etdi.

 

–Men uzoq yillar hazrat Alisher Navoiy rolini ijro etishni orzu qildim. Taniqli artist Yodgor Saʼdiyev buni eshitib: “Qanaqa Alisher Navoiy, sizdan Alisher Ivanovich chiqadi”, degan edi. Aslida u haq edi. Men rus tilida oʻqidim, qiyofam ham sharqona emas. Ammo menga ulugʻ mutafakkir asarlarini katta sahnada oʻqish nasib etdi. Uchrashuvlarning birida harbiy litseyda oʻquvchilar huzurida “Layli va Majnun”dan parchalar oʻqidim. Oʻquvchilar uzoq olqishladilar. Mening koʻp yillik faoliyatimda hali hech qachon bu qadar qizgʻin olqishlamagan edi. Yoshlikning bu joʻshqin ehtiromi asli hazrat Alisher Navoiyga atalgan edi, – dedi jumladan kechaning qadrli mehmonlaridan biri Oʻzbekiston xalq artisti Abzal Rafiqov.

Bu kabi tadbirlar bir-birini takrorlagandek koʻrinadi. Ammo hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur haqida soʻz ketganida takrorga hojat yoʻq! Ikkisi ham ulugʻvor ummondek. Olim borki, ular haqida har kuni bir yangi gap aytadi. Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomli davlat adabiyot muzeyi direktor oʻrinbosari dotsent Otabek Joʻraboyev har ikki siymo haqida kutilmagan maʼlumotlar bilan yigʻilganlarni hayratga soldi.

Kecha mumtoz kuy-qoʻshiqlarsiz mukammal boʻlmasdi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandasi Dadaxon Gʻaniyev ijrosidagi mumtoz qoʻshiqlar tadbirga alohida fayz bagʻishladi.

Markaziy aloqa uzeli boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari mayor Farhod Latipov mazmunli suhbatlari uchun kecha mehmonlariga minnatdorchilik bildirdi.

Inobat IBROHIMOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti