Samarqand harbiy prokurori Kattaqo‘rg‘onda sayyor qabul o‘tkazdi

0
853

Kattaqoʻrgʻon garnizonidagi harbiy qismda Samarqand harbiy prokurori adliya polkovnigi Odiljon Oʻsarov boshchiligida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari, harbiy pensionerlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash hamda muammolarini ijobiy hal etish maqsadida “Prokuror sayyor qabuli” oʼtkazildi.

Sayyor qabulda Samarqand shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi xodimi, Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi oʻrinbosari, shahar bandlikka koʻmaklashish markazi, xalq taʻlimi boʻlimi, Soliq inspeksiyasi xodimlari hamda bir qator tashkilotlar masʼul mutaxassislari jalb etildi.

Ochiq va oshkoralik tarzida oʼtkazilgan ushbu muloqot jarayonida prokuror har bir oilaning uy-joy masalasi, tibbiy xizmat koʼrsatish, dam olish sanatoriyalariga yuborish, xizmat joyini koʼchirish kabi muammolarini atroflicha oʼrganib, ularni yaxshilash uchun kerakli boʼlgan koʼrsatmalarini berib oʼtdi.

Ochiq muloqot davomida harbiy xizmatchilarning turmush oʼrtoqlari bandligini taʼminlash hamda xizmat joyini oʼzgarib, yangi kelgan harbiylarning farzandlarini umumtaʼlim maktabi va maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishdagi sunʻiy toʼsiqlar va duch kelinayotgan muammolar ham atroflicha oʼrganib chiqildi.

Qabulda 100 ga yaqin murojaat koʼrib chiqilgan bo‘lsa, ularning 80 ga yaqini joyida ijobiy hal qilindi. Ijrosi vaqt va oʼrganish talab qiladigan murojaatlar esa alohida nazoratga olinib, ijobiy yechimini taʼminlash boʼyicha masʼul xodimlarga topshiriq va koʼrsatmalar berildi.

Shundan soʻng prokuratura vakillari tomonidan harbiy xizmatchilar oila aʻzolari ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati