Uchuvchilar Prezident maktabi oʻquvchilari bilan uchrashdi

0
780

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi, ustoz faxriylar, Chirchiqda joylashgan uchuvchilar harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda Toshkent shahrida joylashgan Prezident maktabi oʻquvchi-yoshlari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Maktab yoʻlagida harbiy xizmatchilar tomonidan olib kelingan turli harbiy qurollar, texnikalar maketlari tadbir atmosferasiga oʻziga xos taʼsir koʻrsatdi.

Har bir bolaning yoshlikdagi orzusi hisoblanmish uchuvchilik, samolyotning qanday havoga koʻtarilishi, parashyutdan sakrash, qanday qilib uchuvchi boʻlish haqidagi savollar oʻquvchilarga sira tinchlik bermaydi.

Qoʻmondonlikning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Davron Usmonov, Faxriylar kengashi raisi — isteʼfodagi  polkovnik Aleksandr Xarlamov, isteʼfodagi polkovnik Rustam Rustemov; uchuvchilardan kapitan Ataman Xudoyqulov, qidiruv-qutqaruv guruhi parashyutchilari — kapitan Shamsiddin Ismatov va serjant Muzaffar Gʻoyibnazarov oʻnlab bolalarning bu boradagi savollariga sodda va tushunarli metodlar asosida javob berishdi.

Eng qizigʻi, oʻquvchilarning koʻplab soʻrovlari oʻsha yerning oʻzida oʻquv qurollari va maketlar yordamida koʻrsatib berildi. Ayniqsa, uchuvchilarning parashyut va balandlikda uning qanday ochilishi borasidagi “master klass”lari barchani birdek hayratlantirdi. 

Uchrashuvning jonli va yuqori kayfiyatda oʻtishida Mudofaa vazirligining Markaziy ashula va raqs ansambli, “Impuls” jamoasining musiqiy va jangovar ohanglari oʻz hissasini qoʻshdi.

Maktab direktori Sevara Shokirova mehmonlarni qutlar ekan, sarhadimiz lochinlarini oʻquvchi-yoshlarga chinakamiga motivatsiya bera olganliklari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv soʻngida oʻzaro hamkorlik va bundan-da qiziqarli tadbirlar tashkillashtish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Katta leytenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti