Begʻaraz qon donorligi aksiyasi oʻtkazildi

0
559

Chirchiq garnizonidagi desantchilar harbiy qismida “Qon donorligi haftaligi” doirasida “Men donorman” shiori ostida begʻaraz donorlik aksiyasi oʻtkazildi. Unda koʻngilli harbiy xizmatchilar ixtiyoriy ravishda, sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq rioya etgan holda qon topshirdi.

Inson hayotini asrab qolish koʻpincha qon quyish jarayoni bilan bogʻliq boʻlib, bemorga faqatgina oʻzining guruhiga mos qon qoʻyilishi talab etiladi. Donorlik — fazilatlarning eng yorqin namunasi boʻlib, begʻaraz koʻngilli yordam esa qonga ehtiyoji bor bemorlar uchun bebaho koʻmakdir.

Qon donorligi jamiyatda insonparvarlik, vatanparvarlik, sezgirlik kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Qon donorligining inson organizmiga taʼsiri va foydali xususiyatlari haqida aksiyaga qatnashgan malakali mutaxassisdan maʼlumot oldik.

— Qon donorligi natijasida organizmda immunitet mustahkamlanadi, leykotsit, trombotsitlar qayta tiklanib, qon tanachalari yangilanadi, odam oʻzini yengil his qiladi, — deydi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali Qon tayyorlash markazi katta hamshirasi Dilfuza Husanova. — Qon — tirik hujayra. Donordan olingan qon holati oʻzgartirilmagan holda antikogulyantli xaltachada 35 kungacha saqlanadi. Shu muddat ichida bu bebaho neʼmat ogʻir ahvolda najot kutayotgan qaysidir bemor hayotiga yangicha umid va mazmun bagʻishlaydi. Qon va qon mahsulotlari avariya, tabiiy ofat va baxtsiz hodisalar oqibatida jarohatlanganlarga samarali yordam koʻrsatishda, shuningdek, homiladorlik va tugʻish natijasida qon ketishini boshdan kechirgan ayollarga, bezgak va toʻyib ovqatlanmaslik natijasida ogʻir anemiya bilan ogʻrigan bolalarga, qon va suyak iligi kasalliklari, gemoglobin sintezi va immunitet tanqisligi bilan ogʻrigan bemorlar, murakkab tibbiy va jarrohlik muolajalarni boshdan kechirayotganlarga juda muhim manbadir.

Prezidentning 2022-yil 9-avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida, shu jumladan Mudofaa vazirligida ham begʻaraz qon donorligi aksiyalari oʻtkazilmoqda. Qism tibbiyot xizmati boshligʻi tibbiy xizmat leytenanti Akmal Boynazarovning taʼkidlashicha, mazkur aksiya har oyning ikkinchi haftasida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti