Qurolli Kuchlar akademiyasida ilmiy konferensiya oʻtkazildi

0
855

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Moddiy taʻminot kafedrasi tomonidan “Zamonaviy sharoitda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida front orti taʻminoti: muammolar va ularning yechimlari” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazildi.

Konferensiyada Qurolli Kuchlar Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti harbiy tayyorgarlik oʻquv markazi vakillari, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti oʻqituvchilari va doktorantlarii, akademiya ilmiy ishlar va innovatsiyalarni tashkil etish boʻlimi mutaxassislari, umumqoʻshin qoʻmondonlik va Chegara qoʻshinlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakultetlari professor-oʻqituvchilari, harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakulteti tinglovchilari, shuningdek, moddiy taʻminot yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan kursantlar ishtirok etdi.

Ilmiy konferensiyani moddiy taʻminot kafedrasi boshligʻi kirish soʻzi bilan ochdi. Maʻruzachi oʻz nutqida qoʻshinlarning har taraflama, toʻliq va uzluksiz moddiy taʻminoti turli operatsiyalar va jangovar harakatlar yutugʻini belgilashda muhim omillaridan biri ekanligini takidlab oʻtdi.

Maʻruzachilar zamonaviy sharoitda oziq-ovqat, kiyim-kechak, yoqilgʻi taʻminotlarini tashkillashtirishning oʻziga xos xususiyatlari, ushbu yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, undagi dolzarb muammolar, ularni hal etish yoʻllari hamda Mudofaa vazirligi qoʻshinlar taʻminotini takomillashtirish istiqbollari toʻgʻrisida maʻlumotlar berishdi.

Ilmiy konferensiya ishtirokchilariga AQSh, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining quruq oziq-ovqat payoklari hamda shaxsiy tarkibning ekipirovkasi namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti