Qarshida “Hunarli yosh — yurtga yelkadosh!” loyihasiga start berildi

0
582

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismda Qashqadaryo viloyati hokimi hamda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni boshchiligida “Hunarli yosh — yurtga yelkadosh!” loyihasiga start berildi.

Viloyat hokimligi, okrug qoʻmondonligi, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, viloyat Xalq taʻlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda boshlangan loyiha doirasida harbiy qism ertamiz egalariga oʻz eshiklarini ochdi. Qashqadaryolik koʻplab yoshlarni hunarli qilishga qaratilgan bunday xayrli tashabbus boʻyicha harbiy qism hududida ilk toʻgaraklar oʻz ishini boshladi.

Tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar yoshlarni oldinda beriladigan bilim koʻnikmalarni puxta egallab, ularga berilayotgan ulkan imkoniyatlarga javoban hunarli yosh sifatida yurt ravnaqiga hissa qoʻshadigan farzand boʻlishlariga ishonch bildirdilar.

Bunga javoban yoshlar ham oʻz minnatdorliklarini izhor etib, tashkil etilgan begʻaraz toʻgaraklardan hunar sirlarini toʻla-toʻkis egallashga va barcha sohada faol boʻlishga vaʻda berdi.

Dastlabki toʻgaraklarga Qarshi shahridagi 16-, 24- hamda 44-sonli umumiy oʻrta taʻlim maktablarning yuqori sinf oʻquvchilaridan iborat 64 nafar yosh taʻlim olib, hunar egallashni boshladi. Taʻlim berish uchun esa oʻz sohasining mohir harbiy mutaxassislari jalb etilgan.

Respublikamiz miqyosida “Qashqadaryo tajribasi” sifatida qaralayotgan ushbu loyiha doirasida chilangar, payvandchi, mohir hamshira kabi oltita yoʻnalish boʻyicha toʻgaraklar uchun sharoitlar hozirlangan. Oʻquv joylarida esa hunar sirlarini mukammal egallash uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Endilikda yoshlardan ushbu hunarlar ilmini faqat zehn bilan oʻzlashtirish talab etiladi.

Janubi-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati