Nataliyaning sharqona ruhi

0
1058

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi ofitseri, “Doʻstlik” ordeni sohibi, mayor Dolbilina Nataliya Gennadyevna. Oʻq otish sport boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi, oliy toifadagi hakam, oliy toifadagi murabbiy, koʻp karra Oʻzbekiston chempioni. Uning murabbiyligida milliy va yoshlar terma jamoalarimiz yuqori natijalarni zabt etishdi. Yangi 2023-yilning kirib kelishi Nataliya Gennadyevnaga omadli boʻldi. Uning samarali faoliyati, erishgan yutuqlari, yoshlarning sportga boʻlgan mehrini oshirishdagi amaliy harakatlari va Vatan oldidagi xizmatlari yuksak baholanib, “Doʻstlik” ordeniga loyiq koʻrildi…

Soʻngi daqiqalargacha bilmadim

Men koʻplab musobaqalarda ishtirok etganman. U yerda muxlislar, raqiblar, bosim, hayajon kabi insonni toʻlqinlantiradigan vaziyatlar haddan tashqari koʻp boʻlgan. Ammo, Prezident tomonidan eʼtirof etilishim va uning qoʻlidan orden olishimdagidek hayajon hech qachon boʻlmagan. Buni tasvirlab berolmayman. Hammasi tushga oʻxshaydi. Nomimni eʼlon qilishdi. Sahnaga chiqib borayapmanu, oyoqlarim oʻzimga boʻysoʻnmaydi. Meni esa Prezident kutib turardi. Qanday holatda chiqib borganimni toʻgʻrisi eslolmayman. Uchib bordim shekilli. Chunki yerni bosib borganimni his qilmadim. Prezident qoʻlimni siqib, ordenni berganida hayajonim sal bosildi. Tush emas, hammasi oʻngimda boʻlayotganini tushundim. Men baxtdan sarmast edim. Juda katta arenalarda gʻolib sifatida ishtirok etganman, taqdirlanganman… ammo Prezident tomonidan eʼtirof etilishim barchasidan ustin ekanligini oʻshanda angladim.

Qalb xotirjamligi

Men erishgan barcha natijalarimda Sharq faylasuflarining hissasi katta. Aslida barcha sport turida hayajonni yengish talab etiladi. Men faoliyat yuritayotgan oʻq otishda esa ikki karra ruhiyat sokin boʻlishi shart. Tasavvur qiling, qoʻlingizda toʻpponcha, yoki miltiq. Sizdan 100, 200 metr masofada nishon. Raqiblar bosimi, musobaqa nufuzi, yurt shaʼni, ortingizda sizga umid qilib qarab turgan qancha insonlar… Bunday kuchli ruhiy bosim boʻlib turganda qanday qilib nishonni aniq moʻljalga olish mumkin. Shuning uchun ham doim ruhiyatni oziqlantirib turish kerak. Jismga kuch beradigan ham aslida ruhiyat. Bunga erishish uchun albatta mutoalaa kerak. Shogird sifatida yonimga kelgan yoshlarga aytamanki, kitob oʻqing. Yana hazilomuz tarzda “Gʻarb qurolini Sharq falsafasi bilan boshqarish kerak” deyman. Aksariyat Sharq faylasuflari bosiqlik, sokinlik va tuygʻularni boshqarishga chorlovchi asarlar qoldirgan. Biz uchun ular juda katta maʼnaviy meros qoldirishgan. Ularni oʻqib borar ekansiz, oʻz-oʻzidan ruhiyat sokinlashib, yomon odatlardan tiyilib borasiz.

Shifokor boʻlmoqchi edim…

Bolaligimda birdan bir orzuim shifokor boʻlish edi. Bu kasbga juda qiziqardim. Yaxshi shifokor boʻlish uchun qobiliyatim ham, ichki ishonchim ham yetarli edi. Ammo, taqdir meni umuman boshqa kasbga yoʻnaltirdi. Bugun men harbiy sportchi boʻlib yetishdim. Eʼtirof etildim, yutuqlarga erishdim. Inson qaysi kasbda boʻlishidan qatʼiy nazar, mehr bilan yondoshmas ekan, natija boʻlmaydi. Hamma sohada ham insondan fidoyilik talab qilinadi.

Akam raqs toʻgaragiga qatnashardi. Men oʻsha paytlarda 10-12 yoshda edim. Bir kuni akamning iltimosi bilan unga yordam berish uchun toʻgarakka bordim. Juft boʻlib raqsga tushiladigan joylarida yordam berdim. Murabbiylar mendagi qobiliyatni sezishdi shekilli, sport bilan shugʻullanishimni tavsiya qilishdi. Sekin-sekin mashgʻulotlarda qatnasha boshladim. Vaqtlar oʻtib, sport mening hayotim mazmuniga aylandi. Buning uchun meni sportga yoʻnaltirgan barcha-barchaga rahmat aytmoqchiman. Bolalikdagi shifokor boʻlish orzusi armonga aylanganligidan afsuslanmayman.

Aniq fanlar ahamiyatini yoʻqotmaydi

Ilmsiz inson sportchi boʻlaman desa juda xato oʻylaydi. Nafaqat sport, balki barcha sohalarning tag zamirida chuqur bilim yotadi. Maktabda eng yaxshi koʻrgan fanim fizika va matematika boʻlgan. Keyinchalik faoliyatim davomida ham barcha jarayonlar ayni shu ikki fanga asoslanganligini anglab yetdim. Miltiqdan oʻq chiqar ekan, nishongacha boʻlgan masofa, shamolning qaysi tomondan qay darajada esayotganligi, harorat, namlik, balandlik kabi bir necha omillar hisob-kitobni talab etadi. Buning uchun, albatta, nazariy hamda amaliy bilim va koʻnikma boʻlishi shart. Fizika va matematikani yaxshi oʻzlashtirgan inson hech qachon kam boʻlmaydi.

Olimpiada chempioni boʻlish shartmas…

Har bir inson sport bilan muntazam shugʻullanishi kerak. Sogʻlom tumush tarzini amalga oshirish uchun ham shunday boʻlishi shart. Albatta, olimpiada chempioni boʻlish uchun emas, oʻz sogʻligi uchun hech boʻlmaganda jismoniy mashqlarni har kuni bajarib borishi kerak. Shunda kasallikdan shikoyat qilib, shifokorlarga kamroq boriladi. Hozirgi kunda butun dunyo aholisi ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Va bu “kasallik” borgan sari yosharib bormoqda. Kashfiyotchilar tomonidan ixtiro qilinayotgan barcha yangiliklar insoniyatning ogʻirini yengil qilish uchun boʻlmoqda. Ammo bunday qulayliklar insonni dangasa qilib qoʻydi. Jismoniy harakatlar deyarli yoʻq. Shuning uchun qayta va qayta aytamanki, joningizni ozgina qiynagan holda, jismoniy mashgʻulotlarni kun tartibingizga aylantiring. Bugun siz jismingizni qiynamas ekansiz, ertaga jismingizdagi dard sizni qiynaydi.

Imkoniyatlar tenglashtirildi, juda xursandman…

Imkoniyati cheklangan sportchilarning irodasiga havasim keladi. Chunki, sogʻlom insonlarning aksariyati bir kunda yarim soat vaqtini jismoniy mashgʻulotlarga ajrata olmaydi. Sababi oddiy, ularning irodasi sust. Ammo jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, sport bilan muntazam shugʻullanib, paralimpiya chempionligini qoʻlga kiritgan yurtdoshlarimning irodasi oldida bosh egaman. Ular haqiqiy fidoyi insonlar. Soʻngi yillarda ularga yaratib berilayotgan sharoitlar ham meni quvontiradi. Ayniqsa, olimpiya va paralimpiya gʻoliblariga beriladigan eʼtibor tenglashdi. Adolatli qarorlardan doim xursand boʻlaman. Mening murabbiyligimda ham imkoniyati cheklangan yoshlar tarbiyalanadi. Mashgʻulotlar davomida ular bilan koʻp suhbatlashaman. Men aminmanki, jismoniy imkoniyati cheklanganlar bilan sogʻlom insonlar orasida farq yoʻq. Nimadir sabab boʻlib, jismining qaysidan aʼzosi ishlamasligi ularning boshqa imkoniyatlarini cheklolmaydi va irodasini bukolmaydi.

Hakamlikning yuki ogʻir…

Sport borki gʻalaba yoki magʻlubiyat boʻlishi tabiiy. Ammo adolatsiz magʻlubiyat alamini totib koʻrish ikki karra alamli. Sportchi sifatida bunga oʻxshash holatlarni koʻp koʻrganman. Ammo, sportchilar orasida ham gʻirromlari bor. Buni ham inkor etmayman. Musobaqalarga hakam sifatida koʻp jalb etishadi. Xalqaro musobaqalarda ham hakamlik qilaman. Men oʻzim sportchilikdan hakamlikka qadam qoʻyganim uchun musobaqa ishtirokchilarini doim toʻgʻri tushunishga harakat qilaman. Va doim shunaqa aqidaga amal qilamanki, kuchli sportchi gʻolib boʻlsin. Adolat har doim tantana qilsin. Ayrim holatlarda gʻirrom sportchilar toʻgʻri qarorimizni tan olishni istashmaydi. Magʻlubiyatni tan olish ham mardlik aslida.

Musobaqalarda “toʻgʻri” yoki “xato” deyish uchun ham hakamlardan kuchli bilim va tajriba talab qilinadi.

Koʻnglimdagilar…

Barcha singari men ham insonman. Qolaversa, ayolman. Ozroq boʻlsa ham eʼtiborda boʻlish, oʻzing sevib bajaradigan kasbingdan kamol topishdek baxtga muyassar boʻldim. Bundan ortiq baxt bormi…

Aslida, menga berilgan eʼtibor jamoaniki. Ularning koʻmagisiz biror natijaga erishish qiyin. Bir birimizni quvvatlashimiz, kerak paytda yordam qoʻlini choʻzishimiz kabi mayda-mayda omillarning yigʻindisi mana shunday natijalarga olib keladi. Mudofaa vazirligi rahbariyati ham bizga doim imkoniyat yaratib berishga harakat qiladi. Barcha-barchaga minnatdorligimni bildiraman. Yana oʻsha gapni takrorlab qolardim, sport bilan shugʻullaning, sogʻ boʻlasiz.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti