Farg‘onada yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

0
590

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridagi harbiy qismda tashkil etilgan “Vatan himoyasi uchun doim shaymiz” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik festivalida shahardagi band boʻlmagan yoshlarga subsidiya asosida mehnat qurollarini tarqatildi. “Yoshlar daftari – imkoniyatlar daftari” shiori bilan oʻtgan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfulla Buzrukov ishtirok etdi.

Tadbir avvalida yurt mustaqilligini himoya qilish yo‘lida xizmat majburiyatini bajarish vaqtida halok boʻlgan qahramonlar siymosi aks ettirilgan harbiy qism xotira maydoniga gullar qoʻyildi.

Shundan keyin harbiy qism hududiga to‘plangan yoshlar uchun harbiy texnikalar va qurol-aslahalar koʻrgazmasi, qoʻl jangi chiqishlari namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari shaxmat, shashka, stol tennisi, tosh koʻtarish, arqon tortish, armrestlik kabi sport musobaqalarida kuch sinashdilar.

Qo‘qon shahridagi yoshlarning 463 nafariga subsidiya asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda oʻzini oʻzi band qilishiga zarur boʻlgan, qiymati 2,2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi asbob-uskunalar va mehnat qurollari topshirildi. Qimmatli uskunalarni qo‘lga kiritgach, soʻzga chiqqan yigit-qizlar mazkur mehnat qurollari asosida oʻz tadbirkorliklarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish niyatida ekanliklarini aytib, imkoniyat uchun hukumatimizga minnatdorlik bildirdi.

Harbiy-vatanparvarlik festivalida Qoʻqon shahri bilan birga Oʻzbekiston, Uchkoʻprik, Furqat tumanlari umumtaʻlim maktablari bitiruvchilari ham ishtirok etdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati