Harbiy qismda Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan kecha tashkil etildi

0
636

Har yili 9-fevral Oʻzbekistonda ulugʻ mutafakkir shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy hazratlarining tavallud topgan kuni sifatida keng nishonlanadi. Uning bebaho ijodiy merosi nafaqat yurtimizda, balki jahon adabiyot sahnasida alohida oʻringa ega.

Gʻazal mulkining sultoni tavalludi sanasi arafasida turli gʻazalxonlik kechalari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar oʻtkazilib ijodiga alohida hurmat koʻrsatiladi.

Markaziy harbiy okrugi Navoiy garnizonidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonida ham xuddi shunday ijodiy uchrashuv tashkil etildi. “Alisher Navoiy ijodi haftaligi” doirasida Navoiy shahridagi Koʻzi ojizlar kutubxonasi xodimlari va kitobxonlari bilan hamkorlikda boʻlib oʻtgan uchrashuvda muddatli harbiy xizmatchilar Alisher Navoiy gʻazallaridan namunalar tinglandi. Navoiy va Guli obrazi gavdalantirildi. Shuningdek, musiqali chiqishlar namoyish etildi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi. Zero, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning ushbu satrlari bejiz yozilmagan: “Temur tug‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti