Kuch tuzilmalari faxriylari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqasi finalchilari ma’lum bo‘ldi

0
760

5-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi stadionida mamlakatimiz kuch tuzilmalari faxriylari oʻrtasida “Mudofaa vaziri kubogi” uchun futbol musobaqasining yarim final oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab Mudofaa vazirligining “Mudofaa-1” jamoasi Davlat xavfsizlik xizmatining “Matonat” jamoasi bilan oʻzaro kuch sinashdi. Oʻyin davomida hisob ochilmadi, penaltilar natijasiga koʻra 4:1 hisobida “Mudofaa-1” jamoasi gʻolib boʻldi.

Ikkinchi yarim final oʻyinida DXX Chegara qoʻshinlarining “Chegarachi” jamoasi Ichki ishlar vazirligining “Posbon” jamoasiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Shunday qilib, mazkur musobaqaning 1-oʻrin uchun kechadigan final oʻyinida “Mudofaa-1” va “Posbon” jamoalari kuch sinashsa, 3-oʻrin uchun “Matonat” va “Chegarachi” jamoalari oʻzaro bellashadi.

Musobaqani yakunlab beruvchi ushbu oʻyinlar 12-fevral kuni Qurolli Kuchlar akademiyasi stadionida soat 09:30 da boshlanadi. Taqdirlash marosimi bayramona tusda tashkil etiladi. Barcha Qurolli Kuchlar faxriylarini ushbu bayramona bellashuvlarga taklif etamiz.

Mudofaa vazirligi faxriylari Markaziy kengashi raisi isteʼfodagi polkovnik A.Navruzov