Harbiy xizmatchilar ishtirokida Alisher Navoiy tavalludiga bag’ishlab tadbir o’tkazildi

0
734

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egallagan.

Havo hujumidan mudofaa qo’shinlari va Harbiy havo kuchlari qo’mondonligi tomonidan soʻz mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligiga bag’ishlab maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtkazildi. Unda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, harbiy xizmatchilar, o’quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo’ydi. Shundan so’ng ishtirokchilar buyuk mutafakkirning hayoti, uning asarlarida namoyon bo’lgan komil inson tushunchasining mohiyati haqida fikr bildirdi. So’ngra sanʼat va adabiyotga oshno boʻlgan harbiy xizmatchilar, yoshlar va adiblar tomonidan shoirning gʻazallari va ruboiylari yoddan aytildi.

Tadbirning ikkinchi yarmi Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo’mondonligida o’tkazildi.

Unda soʻz olganlar soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha maʼlumotlar berishdi. Shuningdek, askarlar tomonidan buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bagʻishlangan teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari ijro etdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti