Harbiy tibbiyot taʼlimi targʻiboti

0
757

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Nukus harbiy gospitalining bir guruh vakillari ishtirokida Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti talabalari bilan harbiy kasbga yoʻnaltirilgan targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar harbiy tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar sabab Mudofaa vazirligi tizimida shifo ulashuvchi maskanlar zamonaviy qiyofa aks etib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani hamda ularda yuqori malakali harbiy tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan tibbiy xizmatlar koʻrsatilayotgani alohida eʼtirof etildi.

Taʼkidlash joizki, yangilangan Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitali hamda Nukus harbiy gospitali amaliy ishlarning yaqqol isboti boʻlib, shifo maskanlarida eng ilgʻor davolash usullari hamda tibbiy xizmatlar koʻrsatilmoqda. Zamonaviy tibbiy diagnostika hamda boshqa uskunalar yordamida yurt himoyachilarining sogʻligini saqlash, ularga muolaja koʻrsatish tizimini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.

Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida bosqichma-bosqich milliy tibbiy taʼlimni modernizatsiyalash, mazkur sohaga xalqaro taʼlim standartlari va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, aholi sogʻligʻini saqlashning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohani rivojlantirish hamda kadrlarni tayyorlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2020-yil 22-oktabrdagi “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti negizida Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etilgan. Unga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasining Harbiy tibbiyot fakulteti harbiy mutaxassislarni tayyorlab kelgan edi.

Mazkur akademiya bugungi kunda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun yuqori malakali harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan ofitser kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish vazifasini bajaradi.

Akademiyada kursantlar bakalavr va harbiy tibbiyot sohasi uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha harbiy internaturada ikki yil davomida taʼlim oladi. Oʻzbekiston oliy tibbiy taʼlim muassasalari davolash fakultetlarining 5-bosqichini va tibbiy-profilaktika fakultetlarining 4-bosqichini tamomlagan talabalar Harbiy tibbiy akademiyaga topshirish imkoniyatiga ega boʻlib, kelgusida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni oʻtash istagini bildirgan, shuningdek, sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatga yaroqli boʻlgan talabalar Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi.

Suhbat asnosida talabalar harbiy tibbiyot sohasiga kadrlarni yetkazib berish masʼuliyati yuklangan akademiyada oʻqishni davom ettirish istagida boʻlgan nomzodlarga qoʻyilgan talablar toʻgʻrisida ham batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi. Tadbir davomida oliy harbiy taʼlim muassasasi toʻgʻrisida videorolik namoyish etildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati