Yoshlar “Harbiy estafeta” va “Milliy kurash” bahslarida bellashdi

0
623

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida oʻtkazilayotgan “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻining yettinchi kunida yoshlar oʻrtasida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni kubogi uchun “Harbiy estafeta” musobaqalari oʻtkazildi.

Musobaqa shartlariga koʻra, har bir guruhdan 4 nafardan ishtirokchi 400 metr masofaga yugurish davomida “AK-74” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratishi va yigʻishi, gazga qarshi himoya toʻplamini kiyishi hamda yuk avtomobilining gʻildiragini aylantirib yugurishi amallarini bajardi.

Musobaqaning har bir shartida jismoniy tayyorgarlik boʻyicha maʻsul ofitserlar tomonidan vaqt mezoni bilan adolatli baholash mexanizmi asosida ishtirokchilarning xatti-harakatiga baho berildi.

Yigʻin yakuniga qadar yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida viloyat hokimi kubogi uchun futbol, viloyat DXX boshligʻi kubogi uchun sportning milliy kurash turi boʻyicha musobaqalar ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan, gʻolib va sovrindorlar yigʻining tantanali yopilish marosimida taqdirlanadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati