Andijonda “Uch avlod uchrashuvi”, Navoiyda esa “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
660

Mudofaa vazirligiga qarashli Andijon viloyatida joylashgan harbiy qismda “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Unda uzoq yillar mobaynida Qurolli Kuchlar safida xizmat qilib, hozirda qarilik gashtini surib kelayotgan faxriylar hamda ertamiz egalari boʻlgan oʻquvchi yoshlar taklif qilindi.

Dastlab mehmonlarga harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar yaqindan tanishtirildi. Ayniqsa, harbiy tarix muzeyi, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi tematik sinflaridagi ekspozitsiyalar tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir harbiy qism madaniyat markazida davom ettirilib, soʻzga chiqqanlar yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulugʻvor gʻoya asosida keksalarni eʻzozlash, ularning ulkan tajribalaridan ertamiz egalarini barkamol inson sifatida tarbiyalashda foydalanish, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida alohida eʻtibor qaratilayotganini taʻkidladi.

Shuningdek, tadbir davomida bir necha yillar Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilgan zaxiradagi podpolkovnik Bobur Poltoaxunovga mudofaa vazirining tegishli buyrugʻi bilan “Yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” koʻkrak-nishoni harbiy qism komandiri tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir soʻngida, harbiylar va oʻquvchi yoshlar tomonidan sahna koʻrinishlari hamda kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligiga qarashli Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qismda ham “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri boʻlib oʻtdi. Hududda istiqomat qiladigan mahallalardagi yoshlar va maktab oʻquvchilari harbiy qismga tashrifi davomida jangovar texnikalar ham jangovar qurol-aslahalar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Harbiy qism kutubxonasidagi barcha turdagi kitoblar toʻplami esa oʻquvchi yoshlarda katta qiziqishlar uygʻotdi.

Ta’kidlash kerakki bu kabi vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarning oʻtkazilishi oʻsib kelayotgan yosh avlodda yurtimiz tinchligi yoʻlida oʻz daxildorlik his-tuygʻularini yanada rivojlanishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi ommaviy Axborot va kommunikatsiyalar departamenti