Termiz poligonida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

0
647

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz umumqoʻshin dala poligonida joylashgan harbiy qismda Termiz tumanining mahallarida istiqomat qilayotgan aholi va oʻquvchi yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Armiya va xalq — bir tanu bir jon” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Poligonga tashrif buyurgan mehmonlar dastlab Termiz garnizoni harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-sadolari ostida kutib olindi. Shundan soʻng harbiy qism saf maydonida tantanali yig‘ilish oʻtkazildi. Tadbirni qo‘mondonlik boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Alisher Shirinov so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan qulayliklar hamda imtiyozlar, shu bilan birga ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Yig‘ishdan keyin Surxondaryo viloyati madaniyat boʻlimining aktyorlari tomonidan buyuk yoʻlboshchi va sarkarda Amir Temur monologi namoyish etildi. Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari tomonidan qoʻl jangi, Xayraobod garnizoni faxriy qorovul shaxsiy tarkibining sahna chiqishlari esa yoshlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbir davomida yoshlar harbiy qismdagi yaratilgan sharoitlar hamda zamonaviy texnika va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ldi. Sayohat davomida harbiy psixologlar ishtirokida yoshlarning jipsligini shakllantirish maqsadida treninglar hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida timbilding oʻyinlari oʻtkazildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni