“Vatanparvar” tashkiloti avtomaktabida Afgʻoniston fuqarolari oʻqitildi

0
715

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati kengashi tasarrufidagi Termiz avtomobil maktabida 46 nafar afgʻonistonlik fuqarolar “B” toifasi boʻyicha oʻqitildi.

Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qoʻshma loyihasi asosida oʻqigan xorijliklarga haydovchilik guvohnomalarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska, Surxondaryo viloyati hokimligi vakillari ushbu amaliyot Afgʻonistondagi qayta tiklash ishlariga koʻrsatilayotgan yordamlardan biri ekanligini, Oʻzbekistonda yana koʻplab afgʻonistonliklarni turli kasblarga tayyorlash ishlari davom ettirilishini bildirdilar. Shu oʻrinda Sharlotta Adrian oʻzbekistonlik mutasaddilarga kelgusida afgʻonistonlik ayollarni hamshiralik ishi boʻyicha oʻqitish taklifini bildirdi.

Tadbir yakunida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi “Hozirda ogʻir vaziyatni boshidan kechirayotgan Afgʻoniston fuqarolarini kasbga tayyorlash borasida alohida namuna koʻrsatayotgan “Vatanparvar” tashkilotining kichik bayrogʻidan esdalik uchun olib qolishimga ruxsat bergaysizlar”, deya tashkilot bayrogʻini qabul qilib olgani yigʻilganlarning olqishiga sazovor boʻldi.

Yuqoridagi loyiha asosida Termiz shahrida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʻlim markazida yana 35 nafar afgʻonistonlik tikuvchilik kasbiga tayyorlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati