Jizzaxda “General va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi

0
1293

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda oʻtkazilayotgan “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻini davomida ishtirokchilarining harbiy qismda olgan taassurotlarini bilish vhamda ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirgan yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida “General va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Uchrashuvda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkurafiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Oybek Saidov hamda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi general-mayor Gʻayrat Qodirov, viloyat hokimligi, Yoshlar ishlar agentligi markaziy apparati vakillari hamda yigʻin ishtirokchilari qatnashdi.

Unda har bir general oʻz xizmat faoliyati, hayotiy tajribalari va yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar xususida toʻxtalib, ulardan unumli foydalanish orqali yurtimizni dunyoga tanitayotgan yoshlarni misol keltirishdi. Shuningdek, yoshlarga Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatga borish va ishga qolish tartibi, oliy harbiy taʻlim muassasalarining imtiyozlari, yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlar yuzasidan maʻlumotlar berib oʻtildi.

 

Shundan soʻng, generallar yoshlarning yigʻin davomida olgan taassurotlari, bilimlari, erishgan yutuqlari bilan qiziqib, yoshlarga soʻz berdi. Birin ketin soʻzga chiqqan yig‘in ishtirokchilari tartib-intizomga koʻnikayotganliklari, tinchlik va ota-onasining qadriga yetayotganliklari, eng muhimi — har bir kundan unumli foydalanish kerakligini anglab yetayotganliklarini bildirishdi.

Uchrashuvda har bir yoshning kelgusidagi faoliyati ham alohida muhokama etilib, ular oʻrgangan kasb-hunarlari boʻyicha shart-sharoitlar yaratish hamda tadbirkorliklarini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashish masalalari koʻrib chiqildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati