Harbiy xizmatchilar umumta’lim maktablarida xayriya tadbirlarini o’tkazdi

0
629

Yurtimizda anomal sovuqning chekinishi fonida ayrim hududlaridagi umumta’lim maktablarida qishki ta’til mavsumi yakunlanib, doimiy o‘qish kunlari boshlandi.

Bu borada Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan Jizzax, Samarqand va Navoiy garnizonlaridagi harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda harbiy prokuratura vakillari bilan hamkorlikda umumta’lim maktablarida o‘quvchi yoshlarning uzluksiz ta’lim olishlari uchun maktablar fondi isitish moslamalari bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchilar yoshlarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida maktablarning kutubxonalari fondiga badiiy adabiyotlar kabi esdalik sovg’alarini ulashyapti.

Xususan, Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan 60-sonli zaif ko‘ruvchi bolalar va o‘smirlar maktab-internatida Samarqand harbiy prokuraturasi va garnizondagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan “Vatan himoyasi sharafdir bizga” shiori ostida xayriya tadbiri bilan birga, harbiy vatanparvarlik festivalini ham o‘tkazdi.

Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar bilan harbiy sohaga oid mavzularda muloqot qilindi. Bundan tashqari, maktabdagi isitish tizimlari ko‘zdan kechirilib, harbiy xizmatchilar tomonidan dudbo‘ronlarning tozaligi va sinf xonalarida normal haroratni ta’minlash bo‘yicha ishlari olib borildi. 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati