Farg‘onada yoshlar yetakchilarining faoliyati sarhisob qilindi

0
812

Mamlakatimizda har bir harbiylashtirilgan tashkilotlarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yetakchilari faoliyati joriy qilinib, ular orqali mazkur tashkilotlardagi, shuningdek, hududlarda yashovchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy qilingan. Mazkur tizim harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparlik ruhida tarbiyalashda, xususan, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaydigan, mustaqil fikrli, mard va jasur bo‘lib jamiyatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shadigan yoshlar sonining ortib borishida qo‘l kelmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashi binosida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalaridagi yoshlar yetakchilari bilan kengaytirilgan sarhisob yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligida faoliyat yuritib kelayotgan boshlang‘ich tashkilot yetakchilari va yosh harbiy xizmatchilar ishtirok etib, ular tomonidan 2022-yil davomida yoshlar siyosati yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Shuningdek, tashkilotlarda yoshlar masalasida uchrayotgan muammolar o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Boshlang‘ich tashkilot yetakchilari tomonidan 2023-yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha takliflar esa rahbariyat tomonidan bir ovozda ma’qullandi.  

Tadbir yakunida yilning eng faol yetakchilari aniqlanib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati